Logo

Riga shahrida O'zbekistonning Faxriy konsulligi ochildi

Oktabr 30, 2023. 10:27 • 54 soniya

1265
Riga shahrida O'zbekistonning Faxriy konsulligi ochildi

RIGA, 30-oktyabr. /«Dunyo» AA/. 27-oktyabr kuni Riga shahrida mamlakatimiz elchisi Qadambay Sultonov, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o'rinbosari Anjeys Vilumsons, davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida O'zbekiston Faxriy konsulligining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Rigadagi O'zbekiston Savdo uyi rahbari, «Outdoor Media» kompaniyasi asoschisi va direktori Vladimir Galperin mamlakatimiz faxriy konsuli etib tayinlandi. Tantanali tadbirda unga tegishli konsullik patenti topshirildi.

Bu O'zbekistonning Baltiyadagi birinchi Faxriy konsulligidir.

Yangi faxriy konsul Latviyada bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko'maklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyadorlar va sayyohlarni respublikamizga jalb etish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Latviya va boshqa Baltiya davlatlari bozorlariga eksportini ko'paytirish jarayonlarida faol ishtirok etadi. Shuningdek, mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko'maklashadi.

Marosimda Riga shahrida O'zbekistonning Faxriy konsulligining ochilishi hamda Toshkentda Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi vakolatxonasining faoliyatini boshlashi O'zbekiston va Latviya o'rtasidagi savdo-sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik asoslarini mustahkamlashga katta hissa qo'shishi alohida ta’kidlandi.

Hozirgi kunda xorijda mamlakatimizning 30 ga yaqin Faxriy konsulliklari faoliyat ko'rsatmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish