Logo

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida Samarqandda bo'lib o'tadigan BMT Davlat xizmatlari forumiga tayyorgarlikning borishiga bag'ishlangan brifing o'tkazildi

Aprel 20, 2025. 12:55 • 4 daq

112
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida Samarqandda bo'lib o'tadigan BMT Davlat xizmatlari forumiga tayyorgarlikning borishiga bag'ishlangan brifing o'tkazildi

NYU-YORK, 21-aprel. "Dunyo" AA/. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida shu yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan BMT Davlat xizmatlari forumiga bag'ishlangan yuqori darajadagi brifing bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda BMT bosh kotibi yordamchisi Navid Hanif, Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining yuqori martabali vakillari, tashkilotga a’zo davlatlar elchilari va diplomatlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston tomonidan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va davlat xizmatlari agentligi direktorining o'rinbosari Asror Muhitdinov qatnashdi.

Tadbir avvalida O'zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili, elchi Ulug'bek Lapasov mehmonlarni qutlar ekan, O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida yurtimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini barcha sohalarga, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog'liqni saqlash va qishloq xo'jaligiga keng joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari haqida ta’kidladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o'z nutqida, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan "Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to'xtaldi. Unda elektron davlat xizmatlari ulushini 100 foizga oshirish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish hamda markaziy va mahalliy darajadagi ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish ko'zda tutilgan.

O'zbekiston turli nominatsiyalar bo'yicha jahon reytingida yetakchi o'rinlarni egallab turgani, xavfsizlik, siyosiy barqarorlik bo'yicha Markaziy Osiyoda birinchi, moliyaviy jozibadorlik bo'yicha jahonda uchinchi o'rinni egallashi alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, "Gallup" qonun ustuvorligi va huquq-tartibot to'g'risidagi hisobotida va "Economist Intelligence Unit" reytingiga mamlakatimiz yashash uchun dunyodagi eng xavfsiz va eng qulay o'nta davlat qatoriga kiritildi.

Bularning barchasi Samarqandda mintaqada ilk bor BMT Davlat xizmatlari forumini muvaffaqiyatli o'tkazish uchun zarur shart-sharoit yaratayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilarga mazkur xalqaro forumning tashkiliy va mazmuniy jihatlari haqida ham ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar O'zbekistonda BMT Davlat xizmatlari forumining Samarqand o'tkazishga qaratilgan maqsadli tayyorgarlik ishlarini yuqori baholadi.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining iqtisodiy masalalar bo'yicha yordamchisi Navid Hanif O'zbekiston mintaqada raqamlashtirish bo'yicha yetakchi rolini mustahkamlab, hayotning barcha jabhalariga innovatsion va zamonaviy texnologiyalarni izchil joriy etayotganini bildirdi. "O'zbekistonda elektron hukumat jadal rivojlanmoqda. Bu boradagi xalqaro hamkorlik, jumladan, BMT bilan ham mustahkamlangan. Toshkentning bu boradagi yutuqlari yuksak e’tirofga loyiq", dedi u.

Shuningdek, O'zbekistonda bo'lib o'tadigan BMT forumi barqaror rivojlanish yo'lida butun dunyoda davlat xizmatini yaxshilashga ulkan hissa qo'shishiga ishonch bildirildi. "Qadimiy shaharning sivilizatsiyalar va madaniyatlar rivojidagi muhim rolini hisobga olsak, ushbu nufuzli tadbirni o'tkazish joyi sifatida Samarqandning tanlanishi muhim ahamiyatga ega. Bu go'zal hudud yana bir bor davlat xizmati sohasidagi so'nggi tendensiya va yutuqlarni muhokama qilish uchun xalqaro maydonga aylanadi, jumladan: sun’iy intellektning rolini hisobga olgan holda", dedi BMT bosh kotibi yordamchisi.

Davlat xizmati bo'yicha xalqaro komissiya raisi o'rinbosari Boguslav Vinid O'zbekiston hukumatiga BMT Davlat xizmatlari forumiga tayyorgarlik jarayoniga bag'ishlangan mazmunli va muhim brifing tashkil etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. "Biz Xalqaro komissiyada O'zbekiston bilan davlat xizmati sohasida o'sib borayotgan hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz. Rasmiy Toshkentdan BMTning bu yo'nalishdagi sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlayotgani uchun minnatdormiz. Forum kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun Samarqandga tashrif buyurishni intiqlik bilan kutamiz", dedi Boguslav Vinid.

Koreya Respublikasi Doimiy vakili maslahatchisi Kyung Taye Park o'z chiqishida, samarali davlat xizmatini ta’minlash Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning asosiy sharti ekanligini ta’kidladi. "Koreya Respublikasi bu borada yetakchi davlat sifatida o'zining ilg'or tajribasi bilan o'rtoqlashishga va hamkorlarga, jumladan, O'zbekistonga har tomonlama yordam berishga tayyor. Biz BMTning 2024-yilgi Davlat xizmati forumini muvaffaqiyatli o'tkazdik va uning navbatdagi sessiyasi uchun O'zbekiston tomoni ilgari surgan takliflarni to'liq qo'llab-quvvatlaymiz", deya qayd etdi Janubiy Koreya diplomati.

Gruziyaning BMTdagi doimiy vakili o'rinbosari David Abeszade bo'lajak Samarqand forumiga bag'ishlangan brifing tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

"O'zbekistonda davlat xizmatlarini ko'rsatish borasida erishilgan salmoqli yutuqlar aks etgan taqdimot bizda katta taassurot qoldirdi, – dedi u. –Gruziya delegatsiyasi mazkur forum ishida yuqori darajada ishtirok etadi. Samarqanddan keyin 2026 yilda bo'lib o'tadigan forum estafetasi Tbilisiga topshiriladi.

Ozarbayjon missiyasi vakili Nigar Bayramli-Xamidova Boku do'st mamlakat – O'zbekistonning davlat xizmatini eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda rivojlantirish borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. "O'zaro manfaatli barcha yo'nalishlardi, jumladan, Samarqand forumini tashkil etish bo'yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan qat’iy maqsadimizni tasdiqlayman", dedi diplomat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish