Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Polshada YUNESKO Bosh konferensiyasining bo'lajak 43-sessiyasiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etdi

Yanvar 16, 2025. 14:48 • 2 daq

169
O'zbekiston delegatsiyasi Polshada YUNESKO Bosh konferensiyasining bo'lajak 43-sessiyasiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etdi

VARSHAVA, 16-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Elchixonasi ko'magida Samarqandning turizm salohiyati, tarixiy va madaniy merosini jahonga yaqindan tanitish maqsadida 13-16-yanvar kunlari O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent farmatsevtika va kimyo-texnologiya institutlari vakillari, madaniyat vazirligi hamda milliy san'at ustalaridan iborat o'zbek delegatsiyasining Polshaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.

Tashrif doirasida bo'lib o'tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bag'ishlangan tadbirda Polsha tashqi ishlar vazirligi, Yevropa komissiyasi, madaniyat vazirligi hamda boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Yangi O'zbekistonning madaniy boyliklari, islohotlari va yutuqlari taqdim etilib, Samarqand shahrining jahonga mashhur turistik va madaniy imkoniyatlari yoritildi. O'zbek milliy musiqasi va taomlari mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi.

Anjuman ishtirokchilari "Dunyo" AA uchun o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Varshava universiteti, Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi (SEW) dotsenti Shahla Kazimova:

— O'zbekistonni jahon miqyosida tanitish juda muhim vazifadir. Ilgari chet elda mamlakatingiz san'ati tarixiga oid ma'lumotlarni faqat tor doiradagi mutaxassislar bilishardi. Ular, odatda, faqat Samarqand va Buxoro haqida bilishardi – buni bilmaslik mumkin emas. Hozirgi kunda mamlakat dunyoga ochilib, o'zini keng ommaga namoyish etayotgani tahsinga loyiqdir.

Varshavadagi Osiyo va Tinch Okeani muzeyi xodimi Karolina Kshiviska:

- Bizning muzeyimizda O'zbekistonga tegishli juda katta kolleksiya mavjud bo'lib, unda Rishton, Buxoro, Samarqand va Xivadan keltirilgan an'anaviy keramika buyumlarining boy kolleksiyasi bor. Ushbu kolleksiya 250 ga yaqin eksponatni o'z ichiga oladi. Shuningdek, muzeyimizda an'anaviy matolar, milliy liboslar va 1960-yillarda Samarqand va O'zbekistonga safar qilgan polyak rassomlarining asarlari ham saqlanadi.

Bizning Osiyo va Tinch okeani muzeyi Polshada O'zbekistonga tegishli shunchalik boy kolleksiyaga ega bo'lgan yagona muzeydir. Mazkur kolleksiya O'zbekistonda amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri - "Jahon kolleksiyalaridagi O'zbekistonning madaniy merosi" loyihasi doirasida namoyish etildi. Loyiha Firdavs Abduhalikov tomonidan tashkil qilingan bo'lib, biz u bilan hamkorlik qildik va ushbu kolleksiya loyiha doirasidagi kitoblardan birida taqdim etildi.

Muzeyimiz Varshavadagi O'zbekiston Elchixonasi bilan samarali hamkorlik qilmoqda va kelajakda birgalikda madaniy tadbirlarni tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, men Samarqandda bu yil o'tkaziladigan YUNESKOning xalqaro konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishimizga umid qilaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish