Logo

Polshada "Zakovat" intellektual o'yini bo'lib o'tdi

Dekabr 25, 2024. 17:04 • 2 daq

152
 Polshada "Zakovat" intellektual o'yini bo'lib o'tdi

VARSHAVA, 26-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Varshava shahrida "Zakovat" intellektual o'yini tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda IT-sektori, bank sohasi, Polshadagi O'zbekiston tadbirkorlari uyushmasi vakillari, Varshava universitetlari talabalar uyushmalari, shuningdek, O'zbekiston, Polsha, Turkiya, Ukraina, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston va Hindistonlik 40 dan ortiq talabalar ishtirok etishdi.

O'yin guruh musobaqasi shaklida bo'lib o'tdi, unda ishtirokchilar mantiqiy fikrlash, jamoaviy ishlash va masalalarni hal qilishda kreativ yondashuv ko'nikmalarini namoyish etdilar. Intellektual ishtiyoq va qizg'in muhokamalar tadbirni ham o'yinchilar, ham tomoshabinlar uchun qiziqarli o'tishini ta'minladi. Musobaqada "Sudoku", "IT Club" va "Registon" jamoalari g'olib bo'lib, ularga Elchixona tomonidan sovg'alar topshirildi. Bundan tashqari, musobaqaning barcha jamoalari tadbirdagi faol ishtiroki va hissasi uchun tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida O'zbekiston shaharlarining turizm salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar an'anaviy o'zbek palovidan bahramand bo'lishdi. Tadbir xorijdagi vatandoshlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va chet ellik talabalarni noyob o'zbek intellektual merosi - "Zakovat" o'yini bilan tanishtirish imkonini berdi.

Ishtirokchilar "Zakovat" o'yinining formati ma'rifiy bo'lgani va yorqin taassurot qoldirgani, do'stlik va o'zaro hurmat muhitini yaratishga hissa qo'shganini ta'kidladilar. Talabalar bunday uchrashuvlarda ishtirok etishda davom etish istagini bildirib, ularning aloqalarni jipslashtirish va qo'llab-quvvatlashdagi ahamiyatini alohida e'tirof qildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish