Logo

Vashingtonda Orolbo'yi mintaqasiga yordam ko'rsatishga qaratilgan xayriya qabuli o'tkazildi

Mart 30, 2024. 09:34 • 4 daq

212
Vashingtonda Orolbo'yi mintaqasiga yordam ko'rsatishga qaratilgan xayriya qabuli o'tkazildi

VASHINGTON, 30-mart. /"Dunyo" AA./ O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Qoraqalpog'istonga moliyaviy yordam ko'rsatish maqsadida xayriya qabuli bo'lib o'tdi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Qabul 1987-yildan buyon rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va asboblar taqchilligini bartaraf etishda yordam berib kelayotgan Amerikaning "Project C.U.R.E." nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xayriya qabuli Qoraqalpog'iston Respublikasiga 12 million dollarlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishga ko'maklashishga qaratilgan edi.

Qabulda turli tashkilotlar – Davlat departamenti, AQSH Kongressi, YUSAID, Amerika nodavlat notijorat va donor tashkilotlari, jumladan "Islamic Relief USA", "Embrace Relief", "Stirling Foundation", Amerika-O'zbekiston savdo palatasi, "Boeing Foundation", "GM Foundation" "Foundation Path of Hope", "Chileka Health Centre", «Chileka Health Centre», shuningdek, Ozarbayjon, Malayziya, Malavi, Janubiy Afrika, Tunis, Zambiya va Lesoto diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.

O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov yig'ilganlarga Orol dengizining qurishi ko'lami va oqibatlari, uning Orolbo'yi mintaqasiga salbiy ta’siri haqida so'zlab berdi. Ushbu fojia yangi Orolqum cho'lining paydo bo'lishiga va hududdagi ekologik vaziyatning yomonlashishiga olib kelgani, aholi salomatligi, atrof-muhit va hudud iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga sabab bo'layotgani alohida ta’kidlandi.

"Project C.U.R.E." prezidenti Duglas Jekson o'z chiqishida, mazkur tashkilot Orolbo'yi mintaqasi ko'p sonli aholisiga insonparvarlik yordamini ko'rsatishdan mamnun ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ayni paytda Qoraqalpog'istondagi tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyaga juda muhtoj bo'lgan tibbiyot muassasalariga 5 ta konteynerdan iborat dori vositalari yetkazib berilgan.

"Bizning ko'ngillilarimiz korporativ homiylardan mablag' jalb qilish istiqbollarini o'rganmoqda va keyingi konteynerlar uchun mablag' to'plashda davom etayapti", dedi u.

Tadbir davomida joriy yilning birinchi yarmida Qoraqalpog'istonga umumiy qiymati 2 million dollar bo'lgan tibbiy jihozlar iborat yanada 4 ta konteyner yetkazib berilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, "Project C.U.R.E."ning istiqboldagi rejalari e’lon qilindi. Unga ko'ra, 2024-2025-yillar davomida O'zbekistonga umumiy qiymati 10 million dollarlik qo'shimcha 15 ta konteynerda tibbiy gumanitar yuk jo'natilishi nazarda tutilmoqda.

"Ishonchim komilki, bugungi qabul nafaqat zarur mablag'larni to'plashga yordam beradi, balki Amerikaning keng jamoatchiligi, ishbilarmon doiralari va nodavlat notijorat tashkilotlarini Orol dengizi mintaqasidagi ekologik vaziyatdan xabardor qilish uchun muhim platforma bo'lib xizmat qiladi", — dedi Duglas Jekson.

"Islamic Relief USA" bosh direktori Ahmad Shehat o'z navbatida tashkiloti dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida insonparvarlik yordami sohasida faol ish olib borayotganini aytib o'tdi. U, shuningdek, mamlakatimiz elchixonasi va "Project C.U.R.E." nodavlat tashkiloti bilan O'zbekistonga gumanitar yuklarni yetkazib berishni tashkil etish, grant mablag'lari va boshqa turdagi moliyaviy hamda texnik yordamlarni jalb qilish bo'yicha yaqin hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

"Dastlabki bosqichda "Islamic Relief USA" nodavlat tashkiloti "Project C.U.R.E."ga 4 ta konteyner yetkazib berish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun 200 ming dollar ajratishga va shu orqali ushbu mintaqadagi muhtojlarga yordam berishga sodiqligini namoyish etishga tayyor", dedi u.

"Stirling Foundation" prezidenti Mayls Xansen O'zbekiston tomonining Orol dengizi mintaqasidagi ekologik halokatga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatladi. Loyihani birdamlik va qo'llab-quvvatlash belgisi sifatida u konteynerlarni yetkazib berish uchun logistika xarajatlarini qoplashga sarflanadigan jami 25 ming dollarlik chekni taqdim etdi.

"Embrace Relief" bosh direktori Usmon Dulgero'g'li o'z tashkiloti insonparvarlik yordami ko'rsatish va turli loyihalarni amalga oshirish bilan shug'ullanayotganini, jumladan, toza ichimlik suvi va sog'liqni saqlash sohasini ta’minlashni ta’kidladi. U O'zbekiston bilan ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi.

"Embrace Relief" O'zbekiston bilan moliyaviy va texnik yordam ko'rsatish bo'yicha hamkorlik rejasini ishlab chiqadi va tez orada uning loyihasini O'zbekiston tomoniga ko'rib chiqish uchun taqdim etadi", — dedi Usmon Dulgero'g'li.

Tadbir ishtirokchilari Orol dengizi fojeasi oqibatlariga qarshi samarali kurashish va suv resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, shuningdek, aholi salomatligi va genofondini saqlash garovidir, degan yakdil fikrga kelishdi. Shu nuqtayi nazardan, nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyatining bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish