Yaponiyada o'zbek milliy taomlari taqdimoti o'tkazildi
Noyabr 24, 2025. 11:25 • 2 daq
• 211
TOKIO, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Yurtimizning boy madaniyati merosini Yaponiyada keng targ'ib qilish maqsadida yurtimizning Tokio shahridagi Elchixonasida o'zbek milliy taomlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda kunchiqar mamlakatning madaniyat va san'at yo'nalishidagi yirik media kompaniyalaridan biri "Hearst Fujingaho Co., Ltd." prezidenti va uning tarkibidagi tahririyatlar bosh muharrirlari ishtirok etdi.
Taqdimotda elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov yurtimizning madaniy merosi, san'ati va milliy taomlari haqida ma'lumot berdi. 2025-yil madaniy sohada juda ham sermahsul va ahamiyatli bo'lgani, xususan, O'zbekiston Osaka shahrida bo'lib o'tgan "EKSPO–2025" xalqaro ko'rgazmasida o'z milliy pavilyoni bilan qatnashganini ta'kidladi.
Shuningdek, Buxoro shahrida mamlakat tarixida birinchi marotaba zamonaviy san'at bo'yicha mintaqadagi eng yirik tadbir "Buxoro biyennalesi" o'tkazilgani hamda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy 43-sessiyasi bo'lib o'tganini qayd etib, bu mamlakatimizning xalqaro maydondagi e'tibori va nufuzi oshayotganidan dalolat ekanini e'tirof etdi.
O'z navbatida "Hearst Fujingaho Co., Ltd." prezidenti Nikolas Flokue Yaponiyada O'zbekiston madaniy merosi, milliy an'analari va san'atiga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayotgani, xususan, media kompaniya muharrirlari tomonidan joriy yilda ikki marotaba yurtimizga tashrif buyurilib, "Esquire" va "Harper's Bazaar" jurnallarida bir qancha maqolalar chop etilganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O'zbekiston milliy taomlari haqida batafsil taqdimot ko'rsatildi. Unda milliy taomlarimiz shakllanish tarixi, mahalliy aholining mehmondo'stlik an'analari, turli hududlardagi taomlar farqlari va retseptlari haqida ma'lumot berildi.
Ishtirokchilarga milliy taomlarimiz va shirinliklarimiz tortiq qilinib, O'zbekiston gastronomiyasining boyligi va xilma-xilligi haqida vizual va amaliy tajriba olish imkoni yaratildi.
Tadbir so'nggida "Hearst Fujingaho" media guruhi bilan Yaponiyada O'zbekiston madaniyati, san'ati va milliy taomlari bo'yicha maqolalar tayyorlash va keng yoritish hamda Nikolas Flokue va uning jamoasining yurtimizga tashrifi masalalari bo'yicha fikr-mulohaza almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi