Yaponiyaning Funabashi shahrida O'zbekiston salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
Noyabr 26, 2024. 01:26 • 3 daq
• 93
FUNABASHI, 26-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Yaponiyaning Chiba prefekturasining Funabashi shahrida "O'zbekiston salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot Yaponiya bilan hududlararo munosabatlarni rivojlantirish, O'zbekiston savdo-iqtisodiy va turistik salohiyati hamda madaniyati keng targ'ib qilish maqsadida uyushtirildi.
Tadbir shahar ma'muriyati tomonidan doimiy ravishda o'tkazilib kelinayotgan "Xorijiy davlatlar bilan tanishuv" dasturi doirasida o'tkazildi.
Unda Funabashi shahri meri Matsudo Tooru va uning o'rinbosarlari, Funabashi xalqaro hamkorlik jamiyati raisi Kaki Xiroshi va shaharning yetakchi ishbilarmon va madaniy doiralari vakillari ishtirok etdi.
Shahar meri Matsudo Tooru o'z nutqida, O'zbekistonning boy tarixi, madaniyati, tabiati va milliy taomlari haqida to'xtaldi. Shuningdek, ushbu tadbir shahar aholisi uchun O'zbekiston to'g'risida batafsil ma'lumot olish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini ta'kidladi. Funabashida ko'plab O'zbekiston fuqarolari istiqomat qilishi, ularning aksariyatini mehnatsevar, ilm va yangi ko'nikmalarga chanqoq yoshlar tashkil etishi bildirildi.
Funabashi xalqaro hamkorlik jamiyati raisi Kaki Xiroshi mazkur tadbir o'n yettinchi bor o'tkazilayotganini, shahar aholisi orasida unga qiziqish juda yuqori bo'layotganini ta'kidladi. U tadbir doirasida tashkil qilingan O'zbekiston milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi o'zining betakrorligi, nafisligi va rang-rangligi bilan barchani hayratda qoldirganini, ko'plab ishtirokchilarda O'zbekistonga tashrif buyurish istagi paydo bo'lganini aytib o'tdi.
Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov o'z so'zida, O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari to'g'risida batafsil ma'lumot berdi. Xususan, bugungi kunda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, hududlararo munosabatlar tobora rivojlanayotgani, 2019-yilda davlatimiz rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ushbu aloqalarni jadallashtirishga muhim zamin yaratgani qayd etildi. Shuningdek, yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ular ortga qaytmas tus olganligi va o'z samarasini berayotgani alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar e'tiboriga yurtimiz tarixi, tabiati, qadimiy obidalari, milliy urf-odatlari va taomlari, shuningdek, investitsion va turizm salohiyati haqidagi taqdimot taqdim etildi.
Anjumanning madaniy qismida yaponiyalik taniqli san'atkor, 2024-yilgi "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining 3-o'rin sohibasi Mashu Komazaki tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy kuylari va "Guliston" raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan o'zbek raqslari ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida o'zbek xalq amaliy san'ati va milliy hunarmandchilik mahsulotlari, xususan, kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog'och o'ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar va kiyimlar ko'rgazmasi tashkil qilindi.
Mamlakatimiz elchixona tashabbusi bilan yurtimizga yapon sayyohlari oqimini oshirish maqsadida taniqli yapon fotografi Jin Akino va O'zbekiston madaniyati va turizmi jamiyati bilan hamkorlikda joriy yilda ilk marotaba o'tkazilgan "O'zbekiston yapon sayyohlari nigohida" nomli fotosuratlar tanlovi yakunlari haqida ham ma'lumot berildi. Unda eng yuqori baholangan 15 ta surat ham yig'ilganlar e'tiboriga taqdim qilindi.
Imamura Shunichi, Funabashi xalqaro hamkorlik jamiyati ijrochi direktori:
– O'zbekiston taqdimotiga ko'plab Funabashi shahri aholisi keldi. Yurtingiz tarixi, betakror obidalari va tabiati, o'zbek va yapon xalqlari o'rtasidagi tarixiy rishtalar to'g'risida batafsil ma'lumot oldik. Bugungi tadbir biz uchun chinakam bayram bo'ldi, desam mubolag'a bo'lmaydi. O'zbekiston ixlosmandlari va muxlislari Funabashida ko'paydi, deb ishonch bilan ayta olaman. Menda ham O'zbekiston borish istagi tug'ildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi