“Berliner Zeitung”: O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi innovatsion salohiyatga bog‘liq bo‘ladi
Сентябрь 11, 2026. 16:30 • 2 дақ
• 99
BERLIN, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Berliner Zeitung” nashrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “O‘tmishdagi qatʼiy markazlashuvdan ochiqlik va diversifikatsiya sari” nomli tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Abror Yusupovning qayd etishicha, O‘zbekiston taraqqiyotning dastlabki institutsional bosqichini yakunlab, ochiqlik, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga asoslangan yangi modelga o‘tgan.
So‘nggi o‘n yillikda davlat boshqaruvida “tektonik siljishlar” yuz berdi, modernizatsiya, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalarni joriy etishda mustaqillik yillarida tug‘ilgan fuqarolarning yangi avlodi hal qiluvchi o‘rin tutmoqda.
Nashrda mamlakat iqtisodiy o‘sishining aniq ko‘rsatkichlari keltirilgan. Xususan, 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, 145 milliard dollardan oshdi. Bu 1991-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 10 baravar yuqoridir.
2026-yil uchun xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, XVF va OTB) iqtisodiy o‘sish 6,4–6,8 foiz darajasida bo‘lishini bashorat qilmoqda. Bundan tashqari, 2026-yil iyun oyida “Moody‘s” agentligi respublikaning suveren kredit reytingini “barqaror” prognozi bilan “Ba3” dan “Ba2” ga ko‘tardi. “Fitch Ratings” esa xalqaro zaxiralarning o‘sishi va dollarizatsiya darajasining pasayishini ijobiy baholadi.
Material so‘nggida O‘zbekistonning yuksalishi innovatsiyalar yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuz berayotgani qayd etilgan.
Telegram каналига обуна бўлинг
Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!
Сўнгги янгиликлар
Барчаси