O‘zbekiston va Albaniya o‘zaro manfaatli siyosiy-iqtisodiy sheriklikning uzoq muddatli kun tartibini shakllantirmoqda

Июнь 16, 2026. 09:00 • 4 дақ

62
O‘zbekiston va Albaniya o‘zaro manfaatli siyosiy-iqtisodiy sheriklikning uzoq muddatli kun tartibini shakllantirmoqda

TOSHKENT, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 16­–17-iyun kunlari Albaniya Prezidenti Bayram Begay O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyuradi va V Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF) ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Albaniya ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish hamda keng ko‘lamli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga intilayotganini namoyon etmoqda. Geografik uzoqlikka qaramay, tomonlar siyosiy muloqotni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 23-noyabrda o‘rnatilgan. Hozirgi vaqtda rasmiy aloqalar O‘zbekistonning Venadagi va Albaniyaning Moskvadagi elchixonalari orqali amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. 2025-yil 23-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidentining Albaniya Prezidenti Bayram Begay bilan o‘tkazgan muzokaralari ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘ldi.

Uchrashuvda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston–Albaniya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Albaniya hamkorligining rivojlanishi ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning faollashuvi bilan birga kechmoqda.

2024-yil 24-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Albaniya Yevropa va tashqi ishlar vaziri Igli Hasani bilan uchrashuvi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Muzokaralar yakunida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi va bu ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbarining 2025-yil 25-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Albaniyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Elisa Spiropali bilan o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng hamkorlik yanada rivojlandi. Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishni va idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashni nazarda tutuvchi Hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.

Mazkur hujjatlarning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning qo‘shimcha institutsional mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qildi. Erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi o‘laroq, 2026-yil 30-aprelda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida O‘zbekiston–Albaniya siyosiy maslahatlashuvlarining birinchi davrasi o‘tkazildi.

Onlayn formatda o‘tgan maslahatlashuvlar ikki davlat o‘rtasida muntazam siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim bosqich bo‘ldi. Bunday mexanizmning yaratilishi ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston–Albaniya munosabatlari tarkibida siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim o‘rin tutadi, biroq u hozirgi kunda mavjud salohiyatga mos kelmaydi.

O‘zaro savdo hajmi nisbatan kamligiga qaramay, O‘zbekiston va Albaniya hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, investitsiya sohasida birgalikda ish olib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, Albaniya Prezidenti Bayram Begayning V Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirish zarurligi to‘g‘risidagi muhim ishora bo‘ladi.

Tomonlarning fikricha, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishni ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘lishi mumkin. Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish va xalqaro maydonlarda hamkorlikni mustahkamlash ham muhim ahamiyatga ega.

Siyosiy muloqotning izchil faollashuvi, shartnomaviy-huquqiy bazaning takomillashuvi va muntazam idoralararo maslahatlashuvlar mexanizmlarining ishga tushirilishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va Albaniya teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini namoyon etmoqda.

Ikki tomonlama muloqotning izchil rivojlanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga va turli sohalarda amaliy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti

Matbuot xizmati arxividan olingan sur'at

Default Avatar

Материал муаллифи

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram каналига обуна бўлинг

Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!

Каналга ўтиш