Xitoydan munosabat: Toshkent investitsiya forumi yirik investorlar uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi

Iyun 15, 2026. 10:30 • 2 daq

166
Xitoydan munosabat: Toshkent investitsiya forumi yirik investorlar uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi

PЕKIN, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua “Dunyo” AAga shu yil 16–18-iyun kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– V Toshkent xalqaro investitsiya forumi Xitoy uchun ham juda manfaatli. Zero, so‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hajmi tobora oshib bormoqda.

Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyalar hajmining o‘sishi va o‘zaro hamkorlik salohiyati juda yuqori. Ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qodir bo‘lgan investitsiya sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalish hisoblanadi.

Mamlakatlarimiz sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun katta istiqbolga ega. Bular raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma qurilishi, investitsiya va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish mumkin bo‘lgan boshqa sohalardir.

Xitoy tadqiqot markazi vakili sifatida men O‘zbekiston kompaniyalarini Shanxay, Shenchjen va Gonkong maxsus ma’muriy hududi fond birjalarida ishtirok etishga chaqiraman. Bu ikki mamlakat investorlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytiradi.

Sarmoyaviy hamkorlikning kengayishi har ikki tomonning umumiy manfaatlari va istiqbollarini yanada yaqinroq bog‘lash imkonini beradi. Ushbu xalqaro investitsiya forumi nafaqat xitoyliklar, balki butun dunyo investorlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. 

Bu O‘zbekistonning izchil islohotlar va ochiqlik siyosatini amalga oshirayotgan, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida xalqaro hamjamiyatda ishonch uyg‘otib, ulkan iqtisodiy salohiyatini namoyon etayotganidan dalolat beradi.

Investitsiya jarayonlarining yaqin integratsiyalashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi. Biz o‘zaro ustunliklar, xayrixohlik va ishonchdan foydalangan holda yangi investitsiya vektorlarini, shu jumladan, uchinchi mamlakatlardagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda belgilashimiz mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish