Germaniyada o'tkazilgan "Yashil haftalik" mehmonlari o'zbek palovining mazasidan hayratda
Fevral 03, 2024. 11:09 • 2 daq
• 231
BERLIN, 3-fevral. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning ommabop onlayn gazetalaridan biri "Stimme-der-Hauptstadt" sahifasida "Yashil haftalikda O'zbekiston palovi" sarlavhasi maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif Folker Nefning yozishicha, o'zbek xalqining ajoyib milliy taomi palov "Yashil haftalik" mehmonlari e'tiborini o'ziga tortdi. Bu mazali taom qo'y va mol go'shti, guruch, sabzi, piyoz, o'simlik moyi, sharqona ziravorlar kabi masaliqlardan tayyorlanadi. Yana bir qiziqarli jihati shundaki, mazkur taom haqiqiy o'zbek doshqozonidan tortilmoqda. Palovning mazali ta'mini biluvchilar Germaniyaning turli burchaklaridan atayin yarmarka markazidan joy olgan 18-pavilyondagi O'zbekiston stendiga kelmoqda.
"O'zbekistondan kelgan taniqli oshpazlar betakror mazali o'zbek palovini yarmarkaga mehmonlariga ulashmoqda. Gazeta fotosuratchisi va muharriri o'zbek palovini tatib ko'rib o'z hayratlarini o'zbek tilida izhor etishdi: "Ajoyib! Rahmat", - deyiladi maqolada.
Muallifning ta'kidlashicha, O'zbekiston pavilyonidagi eksponentlarning deyarli barchasi nemis tilida muloqot qila olishi ko'pchilikni hayratini oshirgan. Stenddagi eksponentlar tashrif buyuruvchilarga peshtaxtalardagi mahsulotlarni batafsil tushuntirib berayotgani, o'zbek asali haqidagi ajoyib hikoyasini eshitib, oltin sarg'ish rangli va nektarlarga boy ta'mli O'zbekiston asalidan tatib ko'rishganini, ba'zi asal turlaridan farqli o'laroq, ularda unutilmas ta'm qoldirganini e'tirof etdilar.
"Albatta, O'zbekiston stendida ho'l meva va sabzavotlar, jumladan, behi, olma, xurmo va qovun-tarvuzlar ham mavjud. O'zbekiston pavilyoniga tashrifimiz qishloq xo'jaligi va haqiqiy pazandalik olamiga sayohat bo'ldi. Stendda ishlayotgan barcha xodimlar savollarimizga javob berishdan mamnunliklarini aytib, ketayotganimizda iliq tabassum bilan tashrifingiz uchun rahmat deya bizni kuzatishdi", - deb yozilgan "Stimme-der-Hauptstadt" onlayn nashrida e'lon qilingan maqola so'nggida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokiston OAV: O‘zbekistonda bolalarning huquq va manfaatini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan



