Fransiyaning AMOPA assotsiatsiyasi O‘zbekiston ta’lim muassasalariga kitob va o‘quv-metodik qo‘llanmalar ko‘rinishida grant ajratdi
Noyabr 17, 2026. 15:00 • 2 daq
• 354PARIJ, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Fransiya Akademik xizmatlar ordeni a’zolari assotsiatsiyasi (Association des Membres de l'Ordre des Palmes Académiques – AMOPA) o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, mamlakatimiz ta’lim muassasalariga fransuz tilidagi o‘quv va badiiy adabiyotlar ko‘rinishidagi grant ajratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Grant Assotsiatsiyaning “Le Don du livre 2025” (“Kitob hadyasi – 2025”) xalqaro dasturi doirasida beg‘araz asosda taqdim etildi. Kitoblar Parij – Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga jo‘natildi.
Mazkur tashabbus mamlakatimiz ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik bazasini boyitish, fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish, yoshlarning chet tillarini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
AMOPA Fransiyaning ta’lim sohasidagi nufuzli jamoat birlashmalaridan biridir. U ta’lim va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun “Akademik xizmatlar” ordeni bilan taqdirlangan pedagoglar, olimlar va ta’lim sohasi vakillarini birlashtiradi.
“Le Don du livre” dasturi Assotsiatsiya tomonidan 1992-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. U butun dunyoda fransuz tili va frankofoniyani qo‘llab-quvvatlash, ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Grant doirasida O‘zbekistonga topshirilgan kitoblar Fransiyaning “Hatier”, “Magnard” va “Nathan” yetakchi ta’lim nashriyotlarida chop etilgan. Ular maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, akademik litsey va texnikumlarga mo‘ljallangan.
To‘plamdan fransuz tili, grammatika, matematika va boshqa fanlar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, ish daftarlari, bolalar adabiyoti, pedagoglar uchun metodik materiallar, shuningdek, badiiy va ilmiy-ommabop asarlar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, to‘plamga Moler, Volter, Viktor Gyugo, Onore de Balzak va Emil Zolya kabi jahonga mashhur fransuz yozuvchilarining asarlari, ularning izohli nashrlari, shuningdek, o‘quvchilarni imtihonlarga tayyorlash uchun mo‘ljallangan qo‘llanmalar ham kiritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

