O‘zbekiston va Yaponiya hududlararo hamkorlikni rivojlantirmoqda
Noyabr 18, 2026. 19:00 • 2 daq
• 79
NARA, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 13–16-noyabr kunlari “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi rahbari Umid Hakimov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaning Nara shahriga safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Nara shahri ma’muriyati, Madaniy meros milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda shahar Savdo-sanoat palatasi rahbariyati vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar, sayyohlik va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik hamda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Turizm va hunarmandchilik sohalaridagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda ikki shahar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, o‘zaro sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilish, B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etish, o‘zbek va yapon usta-hunarmandlari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma madaniy tadbirlar va milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilganining besh yilligiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma tashkil etish, hududning boy hunarmandchilik merosi bilan tanishish maqsadida yapon hunarmandlari delegatsiyasining Samarqandga tashrifini uyushtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi