O‘zbekiston va Buyuk Britaniya OTMlari o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

Iyul 08, 2026. 17:00 • 2 daq

106
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya OTMlari o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

LONDON, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ushbu mamlakatning nufuzli “Robert Gordon University” oliy taʼlim muassasasi prorektori Dunkan Kokbern bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini oshirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini hayotga tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda xalqaro grantlar doirasida hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy konferensiyalar va seminarlar tashkil etish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya universitetlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi.

1992-yilda asos solingan “Robert Gordon University” Buyuk Britaniyadagi davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Hozirgi kunda universitetda 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, professor-o‘qituvchilar soni esa 1,7 mingdan ziyod.

Mazkur OTM muhandislik, arxitektura, axborot texnologiyalari, biznes boshqaruvi, ijtimoiy fanlar va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Universitet nufuzli “Times Higher Education” xalqaro reytingida 801–1000-o‘rinlar oralig‘ida, “QS World University Rankings 2027” reytingida esa 1001–1200-o‘rinlar oralig‘ida joy olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish