O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi ushbu davlat Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Iyul 28, 2026. 20:00 • 2 daq

116
O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi ushbu davlat Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi ushbu davlat Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

MINSK, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov bugun Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Marosimda O‘zbekiston elchisi bilan bir qatorda Braziliya, Peru, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya, Myanma, Saudiya Arabistoni, Liviya va Ruandaning yangi tayinlangan elchilari ham ishtirok etdi.

Aleksandr Lukashenko diplomatik missiyalarning yangi rahbarlariga murojaat qilar ekan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘rnini alohida taʼkidladi. U O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan oyda Belarusga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqani hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rivojining yangi bosqichini boshlab berganini qayd etdi.

Suhbat chog‘ida Belarus yetakchisiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va chuqur hurmat-ehtiromi yetkazildi.

Bundan tashqari, diplomatlar bilan qisqa muloqot chog‘ida Belarus Prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorligi mavzusiga bir necha bor to‘xtalib o‘tdi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sarmoyaviy loyihalar faollashganini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti bilan ochiq, ishonchli va do‘stona munosabatlari tufayli ikki tomonlama aloqalar yangi surʼat va pragmatik tus olganini taʼkidladi.

Marosim vaqtida elchilarga hamrohlik qilgan Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov Prezident Aleksandr Lukashenkoga O‘zbekiston bilan erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirish choralari ko‘rilayotganini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish