O‘zbekiston elchisi Braziliya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Iyul 10, 2026. 11:30 • 2 daq

175
O‘zbekiston elchisi Braziliya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

BRAZILIA, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning qarorgohi Vashingtonda joylashgan elchisi Furqat Sidiqov Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Itamarati” rasmiy tadbirlar saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Braziliya Tashqi ishlar vazirligi va Prezident maʼmuriyati vakillari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Braziliya Prezidenti O‘zbekiston Prezidenti va butun o‘zbek xalqiga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi.

Braziliya tomoni O‘zbekistonni istiqbolli va ishonchli hamkor sifatida ko‘rishini taʼkidlab, ikki tomonlama munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Shu bilan birga, oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy o‘zaro hamkorlikni yana-da boyitish masalasida fikr-mulohaza almashildi.

Mezbonlar BMT, BRIKS va boshqa xalqaro maydonlarda Braziliya tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.

Ushbu tashrif doirasida elchi Furqat Sidiqov Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauru Viyeyra, Taraqqiyot, sanoat, savdo va xizmatlar vazirligi rahbari, Prezident maslahatchisi Rojeriu Zerbone, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Serjiu Klibank hamda “ApexBrasil” davlat agentligi prezidenti Jorje Viana bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida yuqori darajadagi tashrif va qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish, tijorat aloqalarini rivojlantirishda Rio-de-Janeyroda ochilgan O‘zbekistonning birinchi Savdo uyidan keng foydalanish va uning faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar o‘zbek mineral o‘g‘itlari eksportini tashkil etish, geologiya, oliy taʼlim va sport sohalarida hamkorlikni faollashtirish, o‘zbek mahsulotlarining Braziliya bozoriga kirishini kengaytirish hamda boshqa soddalashtirilgan tartiblarni qo‘llashni nazarda tutuvchi qator kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Braziliya hukumati ko‘magida mamlakatning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar jadvalini tayyorlash, o‘zaro tashriflarni uyushtirish va sarmoyaviy takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, elchi Furqat Sidiqov 2023-yil may oyida O‘zbekistonning Amerikadagi elchisi sifatida AQSH Prezidenti Jozef Baydenga ishonch yorliqlarini taqdim etgan edi.

2026-yilning oktyabr oyida Furqat Sidiqov Braziliyaning AQSHdagi elchisiga qarorgohi Vashingtonda joylashgan holda Braziliyaga elchi etib tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

2024-yil iyun oyida Furqat Sidiqov O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi sifatida Kanada general-gubernatori Meri Saymonga ham ishonch yorliqlarini topshirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish