Krasnoyarskda ilk bor “Qovun sayli” o‘tkazildi
Iyul 08, 2026. 08:55 • 2 daq
• 139KRASNOYARSK, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Krasnoyarsk o‘lkasida ilk bor “Qovun sayli” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir nafaqat Krasnoyarsk aholisi va mehmonlarini, balki ayni paytda ushbu o‘lkadagi turli korxonalarda mehnat qilayotgan ko‘plab vatandoshlarimizni, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari vakillarini ham bir joyga jamladi.
Mamlakatimizning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov mazkur bayram nafaqat o‘zbek xalqining mehnatsevarligi, balki uning mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik kabi fazilatlarini ham aks ettirganini alohida ta’kidladi.
“Qovun sayli” davomida Krasnoyarsk davlat va jamoat doiralari vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston madaniyati va san’atining betakrorligini qayd etdi. Shuningdek, o‘lkadagi o‘zbek diasporasiga o‘z madaniyati, tarixi, an’analari va urf-odatlarini saqlab qolishda har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Tadbirga tashrif buyurgan Farg‘ona shahridagi “Fantaziya” raqs jamoasining sahna ko‘rinishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Jamoa o‘zbek raqs san’atining betakrorligi va go‘zalligini namoyish etdi.
Milliy kuy-qo‘shiqlar ijrochilari, doira, tanbur kabi milliy cholg‘u asboblarini mohirona chalgan sozandalar – Ulug‘bek Hoshimov va Nizomjon Vahobovning ijod namunalari ham tadbirga o‘ziga xos shukuh bag‘ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




