Rossiya OAV: O‘zbekiston Birinchi xonimining taqdirlanishi bolalar salomatligi va farovonligi yo‘lidagi xalqaro e’tirofdir
Oktabr 25, 2026. 15:00 • 2 daq
• 103
MOSKVA, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mukofoti bilan taqdirlangani haqida yozmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, bu haqda “Kommersant”, “Gazeta”, “Mir 24”, “Lenta”, “Rambler” kabi nashrlarda materiallar e’lon qilindi.
Maqolalar O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va bolalar onkologiyasi sohasidagi yutuqlariga bag‘ishlangan. Qayd etilishicha, Ziroat Mirziyoyevaga mazkur mukofot onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berilgan.
Nashrlarda yozilishicha, Ziroat Mirziyoyeva “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi hisoblanadi. Fond tashabbusi bilan infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy davolash protokollari joriy etilmoqda, og‘ir xastaliklarga chalingan bolalarga davolanish jarayonida o‘qishni davom ettirish imkonini beruvchi “Mehrli maktab” maktablari tashkil etilmoqda.
Mazkur mukofotni JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Samarqandda bo‘lib o‘tgan Bolalar farovonligi bo‘yicha Butunjahon sammiti hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II Xalqaro kongress doirasida topshirgani ta’kidlangan.
OAVda JSST rahbarining Ziroat Mirziyoyevani bolalar manfaatlari yo‘lidagi haqiqiy yetakchi hamda ularning salomatlik va ta’lim olish huquqlari himoyachisi deb ta’riflagan fikrlaridan iqtiboslar keltirilgan.
Rossiya nashrlarining yozishicha, JSST mukofoti 2019-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, avvalroq unga davlat yetakchilari, global institutlar rahbarlari va olimlar sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, OAVda Ziroat Mirziyoyevaning ikki yil muddatga og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi Global tarmoq raisi etib saylangani haqida ma’lumot berilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi