O‘zbekiston va Turkmaniston yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qildi

Noyabr 04, 2026. 20:30 • 2 daq

• 101
O‘zbekiston va Turkmaniston yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qildi

ASHXOBOD, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Maxtumkuli nomidagi Turkmaniston Yoshlar tashkiloti Markaziy kengashi raisi Yazpolat Keriyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlarining izchil siyosati tufayli O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.

Yazpolat Keriyev tashkilot faoliyati hamda Turkmanistonda davlat yoshlar siyosatini amalga oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, madaniy-ma’rifiy, sport va ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tashkilot rahbari O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etib, turkman yoshlarining qo‘shni mamlakatda o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini yuqori baholadi. U, jumladan, 2026-yil avgust oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkmaniston yoshlar forumini ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlagan muhim voqea sifatida tilga oldi.

Uchrashuvda ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida tajriba va axborot almashish, qo‘shma forumlar, festivallar hamda sport musobaqalarini tashkil etish, shuningdek, volontyorlik va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar yoshlar yo‘nalishidagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Turkmanistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish