O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor “Oslo Innovation Week 2026”da ishtirok etdi
Oktabr 28, 2026. 20:00 • 2 daq
• 171OSLO, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor “Oslo Innovation Week 2026” tadbirida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Oslo Innovation Week” Norvegiyadagi innovatsiyalar, sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, barqaror rivojlanish, “yashil” texnologiyalar, investitsiyalar va startaplar ekotizimi sohalariga ixtisoslashgan yirik tadbir hisoblanadi.
Yurtimizdan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Samarqand va Jizzax viloyatlari, “IT Park Uzbekistan” hamda xususiy IT-kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya shakllantirildi.
Safar davomida vakillarimiz “Oslo Science Park” ilmiy-innovatsion parkiga bordi. U yerda delegatsiya a’zolari startaplar ekotizimi, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yechimlar sohasidagi faoliyat bilan tanishdi. Haftalikning ochilish marosimi “Mesh Youngstorget” startaplar xabida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston vakillari “Startuplab Summit”, “Creating Better Startups”, “Tech on the Menu”, “China Connect Oslo”, “Innovation District”, “International VC Night”, “AI Mission Hub” va “Oslo Innovation Fest” kabi asosiy hamda qo‘shimcha tadbirlarda qatnashdi.
Ushbu tadbirlar davomida sun’iy intellekt, iqlim va energetika innovatsiyalari, oziq-ovqat sanoatini raqamlashtirish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda venchur investitsiyalarini jalb etishga qaratilgan ilg‘or yechimlar va xalqaro tajribalar taqdim etildi.
Shuningdek, “Sensoeconomic”, “AgriTech Nordic”, “Volúr”, “Microsoft Norway”, “Fieldmind”, “Heilos Robotics”, “GS1 Norway”, “Resilienza Holding” va “Epicenter” kabi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Suhbatlar chog‘ida iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, resurslar samaradorligini oshirish va texnologik innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



