O‘zbekiston va Chexiya geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

Oktabr 28, 2026. 17:00 • 2 daq

• 138
O‘zbekiston va Chexiya geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

PRAGA, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Chexiya geologiya xizmati direktori Zdenek Venera bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning 2026-yil 29–30-aprel kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Xususan, tashrif doirasida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Chexiya geologiya xizmati o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ikki mamlakat o‘rtasida geologiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Zdenek Venera mazkur tashrif ikki tomonlama munosabatlarni, jumladan, geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim imkoniyat yaratganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan memorandum tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mavjud ilmiy-texnik salohiyatdan samarali foydalanish va aniq amaliy tashabbuslarni ilgari surish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Suhbat chog‘ida geologik xaritalash, geokimyoviy tadqiqotlar va istiqbolli konlarni o‘rganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma geologik loyihalarni ishlab chiqish hamda sohada ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Chexiyaning tegishli tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni faollashtirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorlik bildirildi.

Mazkur muloqot O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, erishilgan kelishuvlarning amaliy natijadorligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish