Abu-Dabiyda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi madaniy va diniy aloqalar muhokama qilindi

May 23, 2026. 16:30 • 2 daq

98
Abu-Dabiyda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi madaniy va diniy aloqalar muhokama qilindi

ABU-DABI, 23 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari BAAdagi Shayx Zoid katta masjidi markazi bosh direktori Yusuf Al-Obaydliy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida madaniy-ma’rifiy hamda diniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar tufayli yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida e’tirof etdi. Suhbat chog‘ida islom sivilizatsiyasining boy merosini asrab-avaylash, muqaddas dinimizning bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, ikki davlatning ilmiy muassasalari o‘rtasida madaniy almashinuvlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda amirliklar vakillariga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, ushbu majmuada saqlanayotgan tarixiy eksponatlar va qadimiy buyumlar, shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim va mutafakkirlar haqida ma’lumot berildi.

BAA tomoni O‘zbekistonda davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muhtasham markaz faoliyatiga katta qiziqish bildirib, uning global miqyosda islom qadriyatlarini saqlash va ommalashtirishdagi tarixiy ahamiyatini yuqori baholadi.

Yusuf Al-Obaydliy Shayx Zoid masjidi markazi kelgusida ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish, ikki markaz o‘rtasida uzoq muddatli institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga to‘liq tayyor ekanini ma’lum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish