O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlar bilan ularning Turkiyadagi biznesini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar

May 20, 2026. 18:25 • 2 daq

164
O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlar bilan ularning Turkiyadagi biznesini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar

ANQARA, 20-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida Turkiyada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlar o‘z bizneslari, amalga oshirayotgan loyihalari, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalari haqida so‘z yuritdi.

Jumladan, Shahnoza Safarova 2016-yildan buyon Antaliya shahrida qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. “Shehnaz xanim” fermasi orqali turli organik mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Yana bir hamyurtimiz Dilnoza Abidova 2015-yildan beri Anqara shahrida ochgan oshxonasida o‘zbek milliy taomlari tayyorlab keladi. Taxmina Saliyeva esa Antaliya shahrida “HT Huquq va Konsalting” kompaniyasi orqali fuqarolarga huquqiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. 

Vatandoshimiz Shahzoda Yurekli mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish binolarini tozalash yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Uning 2016-yilda Antaliya shahrida ochilgan “Ortun” tozalash xizmati korxonasi ko‘pchilikka yaxshi tanish.

Nurbek Yuzboyev Anqara shahrida to‘y va boshqa marosimlarga mo‘ljallangan liboslar tikish, sotish va ijaraga berish yo‘nalishida oilaviy tadbirkorlikni qo‘lga qo‘ygan.

Suhbat jarayonida hamyurtlar o‘z faoliyatini yana-da kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda Turkiya va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohaza almashdi. Shu yil iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Tadbirkor vatandoshlar forumi” haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, vatandosh tadbirkorlar bilan muntazam muloqot tashkil etish, o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish