Dohada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan brifing bo‘lib o‘tdi
Sentabr 09, 2026. 14:00 • 2 daq
• 104
DOHA, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qatarda O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Brifingda Qatarning yetakchi ommaviy axborot vositalari – “Qatar News Agency” (QNA), “Qatar TV”, “Al Jazeera”, “The Peninsula”, “Doha News”, “Gulf Times”, “Al Raya”, “Al Sharq”, “Al Watan”, “Al Arab”, “Qatar Tribune” kabi nufuzli media vakillari, taniqli blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar inflyuyenserlari ishtirok etdi.
Brifingda Qatar OAV vakillariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Xususan, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya va transformatsiya qilish, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyalarni jalb etish, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoya, taʼlim va tibbiyot sohalarini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi natijalar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekistondagi islohotlarning markazida “Inson–Jamiyat–Davlat” tamoyili turadi. Mazkur yondashuv aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Brifingda mamlakatning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, xorijiy sheriklar bilan o‘zaro ishonchni mustahkamlash va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston–Qatar munosabatlarining jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi. Qatar Davlati O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim strategik hamkorlaridan biri sifatida eʼtirof etilib, siyosiy muloqot, davlatlararo va hukumatlararo hamkorlik, investitsiyaviy sheriklik hamda o‘zaro savdo hajmi izchil oshib borayotgani taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi