Istanbuldagi Bosh konsulxona ko‘magida O‘zbekistondagi texnikumlarga zamonaviy o‘quv jihozlari taqdim etildi
Sentabr 05, 2026. 20:00 • 2 daq
• 167ISTANBUL, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan mamlakatimizdagi kasbiy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi amaliy tashabbus ro‘yobga chiqarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 1-, 2- va 3-sonli hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 1- va 2-sonli texnikumlar rahbarlari bilan o‘rnatilgan doimiy muloqotlar davomida muassasalarning zamonaviy o‘quv texnikasiga bo‘lgan ehtiyoji atroflicha o‘rganildi.
Texnikumlar rahbarlarining murojaatlaridan kelib chiqib, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni kengroq joriy etish maqsadida Turkiyada faoliyat yuritayotgan vatandosh-tadbirkorlarimiz bilan hamkorlikda 5 dona noutbuk va 12 dona interaktiv doska xarid qilindi.
Mazkur zamonaviy o‘quv jihozlari yangi o‘quv yili arafasida Kasbiy taʼlim agentligi rahbariyati bilan hamkorlikda beshta texnikumga beg‘araz yordam sifatida topshirildi. Ushbu texnika vositalari o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, darslarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish hamda yoshlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

