Raj Kumar Sharma: Bosh vazir Narendra Modining Toshkentga tashrifi o‘zaro munosabatlarni strategik bog‘liqlik darajasiga olib chiqdi
Sentabr 09, 2026. 12:30 • 3 daq
• 33
DEHLI, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning nufuzli “NatStrat” tahlil markazi yetakchi ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha ekspert Raj Kumar Sharma tomonidan “Bosh vazir Modining Toshkentga tashrifi: Strategik sheriklikdan strategik o‘zaro bog‘liqlik sari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini Kompleks strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi. Ikki tomonlama hamkorlikda uran, muhim minerallar, konchilik, mudofaa, raqamli infratuzilma, savdo, shaharsozlik, taʼlim va transport-kommunikatsiya sohalari yangi tayanch ustunlariga aylanmoqda. Bu jarayon Hindistonning “Viksit Bharat 2047” konsepsiyasini Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot konsepsiyasi bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Muallif Bosh vazir Modining O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti - “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganini qayd etib, tarixiy va madaniy yaqinlik endilikda aniq hamda amaliy strategik manfaatlarga aylanayotganini taʼkidlaydi. Shuningdek, vazirlar darajasidagi Muvofiqlashtiruv kengashi va Qo‘shma komissiya faoliyatini takomillashtirish munosabatlarga kuchli institutsional asos bag‘ishlaydi.
Energetika va resurslar sohasida uzoq muddatli uran yetkazib berish kelishuvi hamda muhim minerallar bo‘yicha hamkorlik Hindistonning toza energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi taʼminot zanjirlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi. Ushbu yo‘nalishda Toshkentdagi Geologiya fanlari universiteti va Hindiston muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi.
Iqtisodiy sohada tovar aylanmasini 2030-yilga borib 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun logistika, Chobahor porti imkoniyatlari va transport yo‘laklaridan foydalanish, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish hamda notarif to‘siqlarni bartaraf etish talab etiladi. Raqamlashtirish sohasida esa Hindistonning UPI tizimi tajribasi asosida fintex, elektron hukumat va raqamli xizmatlarni rivojlantirish istiqbolli hisoblanadi.
Maqolada, shuningdek, Gujarat–Samarqand va Haryana–Farg‘ona kabi hududlararo hamkorlik, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik tiklash uchun Hindiston tomonidan 1 million dollar ajratilishi hamda Afg‘onistondagi vaziyat va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xavfsizlik muloqotining muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ekspertning xulosa qilishicha, Bosh vazir Modining Toshkentdagi muzokaralari va undan so‘ng Bishkekdagi ShHT sammitida ishtirok etishi Hindistonning Markaziy Osiyodagi diplomatiyasi yanada yetuk, amaliy va ko‘p qirrali bosqichga o‘tganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi