O‘zbekiston elchisi Kuvayt tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari bilan uchrashdi

Noyabr 25, 2026. 19:30 • 2 daq

• 56
O‘zbekiston elchisi Kuvayt tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari bilan uchrashdi

AL-KUVAYT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt tashqi ishlar vazirining Osiyo mamlakatlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Navvof Abdullatif al-Ahmad hamda protokol masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulmuhsin az-Zayd bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil fevral oyida Kuvaytga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab bergani ta’kidlandi.

Muloqotlar chog‘ida oliy darajada erishilgan kelishuvlar hamda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi hamda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan harakatning 20-sammitida Kuvayt delegatsiyasining ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Kuvaytning yetakchi investitsiya tashkilotlari bilan aloqalarni faollashtirish hamda ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining 30-noyabrdan 5-dekabrga qadar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yangi O‘zbekiston – global bozorlar” forumida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari uchun Kuvaytga kirishda viza tartibini soddalashtirish, turizm va aviaqatnovlarni rivojlantirish, Kuvaytda malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlash hamda ijtimoiy himoya sohasida idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida izchil va amaliy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish