Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Iyun 01, 2026. 08:10 • 2 daq

258
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

SANKT-PETERBURG, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburgda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” nomli bolalar ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Loyiha Sankt-Peterburg shahrining Tashqi aloqalar va Ijtimoiy siyosat qo‘mitalari bilan hamkorlikda hamda O‘zbekistonning “ZAMIN ANGOR CLUSTER” sayyohlik kompaniyasi ko‘magida amalga oshirildi.

Tanlov O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini ommalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratildi. Unda Sankt-Peterburgdagi oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazlari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Ijodiy tanlov joriy yilning 1-fevralidan 31-martiga qadar ikki yosh toifasida bo‘lib o‘tdi. Unda 5–7-sinf o‘quvchilari o‘zlarining rasm, applikatsiya va haykaltaroshlik kabi badiiy ishlarini, 8–9-sinf o‘quvchilari esa videorolik, taqdimot, hikoya hamda sheʼrlardan iborat multimediaviy va adabiy-badiiy loyihalarini taqdim etdilar.

Tanlovda Sankt-Peterburg ijtimoiy muassasalarining jami 127 nafar tarbiyalanuvchisi qatnashdi. Ijodiy ishlarni O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, shahar qo‘mitalari, A.L.Shtiglis nomidagi Sankt-Peterburg davlat badiiy-sanoat akademiyasi vakillari, shuningdek, madaniyat va jurnalistika arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hayʼati baholadi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra 56 nafar g‘olib aniqlandi. Ular uchun asosiy sovrin – kelgusi o‘quv yilining kuzgi taʼtilida O‘zbekistonga tanishuv safari bo‘ladi. Tashrif doirasida o‘quvchilar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi, milliy anʼanalari hamda zamonaviy yutuqlari bilan tanishadilar.

Taʼkidlanishicha, bu kabi loyihalar madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, shuningdek, o‘sib kelayotgan avlodda do‘st mamlakatlar tarixi va madaniyatiga qiziqish uyg‘otishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish