Baxtiyor Saidov: Daniyani Yevropadagi istiqbolli hamkorlardan biri sifatida ko‘ramiz
Noyabr 27, 2026. 15:30 • 2 daq
• 206
TOSHKЕNT, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Daniyaning mamlakatimizdagi yangi elchisi Lars Tuyesendan ishonch yorliqlarini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Daniyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan janob Lars Tuyesendan ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz, – deb yozdi Baxtiyor Saidov o‘zining telegram-kanalida. – Daniyani Yevropadagi istiqbolli hamkorlarimizdan biri sifatida ko‘ramiz. Joriy yil oktyabr oyida Daniya tashqi ishlar vaziri janob Lars Lyokke Rasmussenning O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizda yangi bosqichni boshlab berdi.
Suhbatimiz davomida siyosiy muloqotni izchil davom ettirish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, ko‘plab sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratdik.
O‘zbekiston–Daniya munosabatlarida mavjud salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lida elchi janoblarining sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”.
O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-yanvarda o‘rnatilgan.
Elchi Lars Tuyesen 2025-yilning avgust oyidan buyon Daniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan Yesper Varning o‘rnini egalladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi