Bokuda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Oktabr 15, 2026. 17:45 • 2 daq

• 142
Bokuda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

TOSHKЕNT, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Bokuda Ozarbayjon va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bugun Boku shahrida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdik, – deb yozdi Baxtiyor Saidov o‘zining telegram-kanalida. – Uchrashuvda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy muloqotni izchil rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildik.

Shuningdek, mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, tranzit salohiyatidan samarali foydalanish va o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish borasida fikr almashdik.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va mintaqamizda barqarorlik hamda taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish