Pokiston OAV: O'zbekistonning 2025-yilga mo'ljallangan davlat dasturi nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi

Fevral 21, 2025. 09:35 • 3 daq

235
Pokiston OAV: O'zbekistonning 2025-yilga mo'ljallangan davlat dasturi nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi

ISLOMOBOD, 21-fevral. /"Dunyo"AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari davlatimiz rahbarining "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi farmonida belgilangan global vazifalar, hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Associated Press of Pakistan" markaziy axborot agentligi, "Independent News Pakistan – iNP" va "Times International News Service" axborot agentliklari, "The Diplomatic Insight" jurnali, "Pakistan Today", "Islamabad Post", "Daily Spokesman" va "Daily Big Digit" gazetalari, "The Gulf Observer", "The Europe Today", "Daily Digital Post", "Daily Urdu Times", "Sapeher Times" va "Wolrd News" yangiliklar platformalarida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning "O'zbekiston – 2030: yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi.

Material avvalida mamlakatimizda 2025-yilga mo'ljallangan davlat dasturi loyihasi Parlament palatalari, siyosiy partiyalar, mehnat jamoalari, keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o'tkazilgani ta'kidlangan. Aholining mazkur siyosiy jarayonda yuqori qiziqish bilan faol ishtirok etgani, natijada, aholi va ekspertlarning 100 ga yaqin konseptual hamda mingdan ortiq tahririy takliflari inobatga olingan holda, hujjat rasman qabul qilingani qayd etilgan.

"Davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta'minlash va "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Yashil hududlarni kengaytirish, piyodalar va velosiped yo'laklarini yaratish, ekologik toza jamoat transportini rivojlantirish, yomg'ir va oqova suvlarni qayta ishlash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha muhim choralar belgilab olindi", – deyilgan maqolalarda

Shunindek, quyosh va shamol energiya manbalaridan samarali foydalanish, qo'shimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilgani, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish ko'zda tutilayotgani urg'ulangan.

Pokiston OAV davlat dasturining ta'lim sohasiga oid qismiga alohida to'xtalib, bolalarning maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududlarda mobil guruhlar tashkil etilishi, uyda ta'lim olayotgan o'quvchilar uchun maxsus dasturiy platforma yaratilishi, har bir tuman va shaharda inklyuziv ta'lim talablariga javob beradigan maktablar tashkil etilishi, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan mutaxassisliklarga o'qitish yo'lga qo'yilishi, 3,5 ming kambag'al oila farzandlari oliy ta'lim muassasalariga grant asosida qabul qilinishi borasidagi choralarni yuqori baholagan.

"2025-yilga mo'ljallangan davlat dasturi O'zbekistonning barqaror rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Mazkur tashabbuslar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi", – deb yozgan Pokiston OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish