"Vecherniy Bishkek": O'zbekistonning 2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat

Fevral 25, 2025. 15:06 • 2 daq

257
"Vecherniy Bishkek": O'zbekistonning 2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat

BISHKEK, 25-fevral. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Vecherniy Bishkek" noshirlik uyi portalida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning "O'zbekiston – 2030: yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada 2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o'tkazilib, yaqinda rasman qabul qilingani ma'lum qilingan. Shuningdek, davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta'minlash va "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani qayd etilgan.

"Bu yo'nalishda yashil hududlarni kengaytirish: shahar va mahallalarda ko'chalar bo'ylab daraxt ekish, yashil zonalar tashkil etish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo'yicha piyodalar va velosiped yo'laklarini yaratish, ekologik toza jamoat transportini rivojlantirish, suv tejamkorligi yo'nalishida yomg'ir va oqova suvlarni qayta ishlash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi", – deb yozgan muallif.

Qirg'iziston OAV, shuningdek, 2025-yilda O'zbekiston quyosh va shamol energiya manbalaridan samarali foydalanish, gidroelektr stansiyalarni barpo etish rejalashtirilganiga urg'u bergan.

Bundan tashqari, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish maqsadida eksportga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag'batlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Davlat dasturi ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarini ham qamrab olgan. Maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududlarda mobil guruhlar tashkil etiladi. Bunda maxsus jihozlangan avtobuslar ajratilib, bolalar uchun o'yin maydonchalari tashkil etiladi.

"Uyda ta'lim olayotgan o'quvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida bolalar uchun mobil qurilmalarda ishlaydigan maxsus platforma yaratiladi, platforma elektron va video darsliklar turli yoshdagi o'quvchilar ehtiyojlariga moslashtiriladi va "Onlayn mentorlik" tizimi joriy qilinadi, bu esa o'quvchilarga pedagogik yordam olish imkoniyatini beradi",– deb ta'kidlangan manbada.

Eldor Tulyakov o'z xulosasida, "2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi O'zbekistonning barqaror rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.", – deb yozadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish