O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

May 11, 2026. 10:30 • 3 daq

167
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

ISLOMOBOD, 11-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda elchixona xodimlari, ularning oila aʼzolari hamda Pokistonda istiqomat qilayotgan faol vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Vatan ozodligi, xalqimiz tinchligi va bugungi osoyishta hayot yo‘lida jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimiz, shuningdek, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etilib, ularga hurmat bajo keltirildi.

Maʼnaviy tadbir O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning kirish so‘zi bilan ochib berildi. Diplomat o‘z nutqida mustaqillik yillarida 9-may sanasining mazmun-mohiyati tubdan yangicha maʼno kasb etganini, bu sana avvalo Vatan ravnaqi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan insonlar xotirasini ulug‘lash, keksa avlod va mehnat faxriylariga yuksak ehtirom ko‘rsatish kuniga aylanganini taʼkidladi.

Shuningdek, diplomatik vakolatxona rahbari Ikkinchi jahon urushi yillarida frontlarda jasorat ko‘rsatgan, front ortida esa og‘ir mehnat sharoitida g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarimizning matonati va fidoyiligi bugungi avlod uchun ibrat namunasi ekanini qayd etdi. Yurtimiz sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarning xotirasi xalqimiz qalbida abadiy saqlanishi alohida urg‘ulandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 16-aprelda qabul qilingan «9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan qariyb 1,5 million nafar inson frontga safarbar etilgan bo‘lib, ularning 538 ming nafari halok bo‘lgan. Shu bilan birga, millionlab yurtdoshlarimiz front ortida mehnat qilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish orqali buyuk G‘alabaga munosib hissa qo‘shgan.

«Bugun yurtimizda hukm surayotgan osoyishtalik va farovonlik ortida urush qatnashchilari va mehnat fronti fidoyilarining mashaqqatli mehnati, jasorati va sabr-matonati mujassam. Shu bois Xotira va qadrlash kuni O‘zbekistonda xalqimizni birlashtiradigan, inson qadrini ulug‘laydigan, ezgulik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etadigan muqaddas sana sifatida keng nishonlanmoqda», – dedi O‘zbekiston elchisi.

Tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikning qadri, mustaqillikning beqiyos neʼmati haqida fikrlar bildirildi.  Xususan, Pokistonda vaqtincha yashayotgan vatandoshlar bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xorijdagi o‘zbek yoshlari qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va ajdodlar xotirasiga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdilar.

Xotira tadbiri yakunida elchixona diplomatlari farzandlari va vatandoshlar ishtirokida tayyorlangan madaniy dastur namoyish etildi. Unda vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar ijro etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish