Qozog‘iston OAV: Toshkentda XI Xalqaro tasviriy san’at biyennalesi o‘z ishini boshladi
Oktabr 13, 2026. 14:00 • 2 daq
• 135
OSTONA, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Infozakon.kz” axborot nashrida XI Toshkent xalqaro tasviriy san’at biyennalesiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, joriy yilgi biyennale “Voqealar ufqlari” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Toshkentning yetakchi muzey va galereyalari mahalliy hamda xorijiy rassomlarning ijod namunalarini namoyish etmoqda. Shuningdek, dasturga Samarqand shahriga safar ham kiritilgan bo‘lib, bu mehmonlarga bir sayohat davomida ham zamonaviy san’at, ham O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Nashrda qayd etilishicha, mazkur biyennale 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Joriy tadbir konsepsiyasi insonning texnologik va madaniy o‘zgarishlar sharoitidagi o‘rnini anglashga qaratilgan. Qadimdan karvon yo‘llari kesishmasida joylashgan Toshkent esa biyennale g‘oyasida umid va yangi ma’nolarni izlash ramzi bo‘lgan “voha” sifatida tasvirlangan.
Tadbirning tantanali ochilish marosimi 12-oktabr kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng asosiy ekspozitsiyalar Toshkent fotografiya uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi hamda Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniyat saroyida keng jamoachilikka taqdim etilmoqda.
Ko‘rgazmalardan tashqari, dasturdan mahorat darslari va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Charxpalak” ko‘rgazmasi ham alohida o‘rin egallaydi. Biyennale o‘z ishini 16-oktabr kuni yakunlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi