O‘zbekiston farmatsevtika kompaniyalari Ashxoboddagi xalqaro ko‘rgazmada qatnashdi
Oktabr 15, 2026. 12:30 • 2 daq
• 120ASHXOBOD, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston farmatsevtika kompaniyalari Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport sohalariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ham qatnashdi. Delegatsiya tarkibidan mamlakatimizning 12 ta farmatsevtika kompaniyasi vakillari o‘rin oldi.
O‘zbekiston korxonalari tomonidan “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilgan stendlarda farmatsevtika mahsulotlari, tibbiy asbob-uskunalar va materiallar, bolalar ozuqasi hamda boshqa zamonaviy mahsulotlar namoyish etildi.
Tadbir doirasida Turkmanistonning tegishli vazirlik va idoralari, tibbiyot muassasalari, farmatsevtika sohasidagi tashkilotlar hamda mahalliy kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va uskunalarni Turkmanistonga yetkazib berish, mahalliy bozorda mahsulotlarni ommalashtirish, ishlab chiqarish va savdo sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar eksport-import operatsiyalarini kengaytirish, 3 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


