Logo

Rigada o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqishga mo‘ljallangan yangi logistika markazi ochildi

May 17, 2026. 09:10 • 2 daq

185

RIGA, 17-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” ko‘magida Riga portida O‘zbekiston mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va keyinchalik tarqatishga mo‘ljallangan yangi ombor ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur loyiha O‘zbekistondan Yevropa bozorlariga meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarni muntazam yetkazib berishni tashkil etishga qaratilgan. Yangi logistika inshooti nafaqat Boltiqbo‘yi mamlakatlariga, balki Yevropaning boshqa davlatlariga ham yetkazib berishni ta’minlovchi taqsimot markazi vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.

Ombor hududida O‘zbekiston mahsulotlari namunalari taqdim etilgan shourum ham tashkil etilgan. Yevropa bozori talablariga muvofiq mahsulotlarni qayta ishlash, saralash va qadoqlash quvvatlarini yaratish rejalashtirilmoqda, bu esa eksport raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Inshootning ochilish marosimida O‘zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralari hamda logistika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tomonlar mahsulot yetkazib berish hajmini kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon hamjamiyatlari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Latviyaga tashrifi doirasida Riga markazida “Uzbek Bazaar” savdo shoxobchasi ham ishga tushirildi. Loyiha o‘zbek brendlarini ilgari surish va ularning Latviya iste’mol bozoridagi o‘rnini kengaytirishga qaratilgan.

Ta’kidlanganidek, yangi logistika va savdo inshootlarining ochilishi O‘zbekistonning eksport salohiyatini yuksaltirish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Yevropa bozorlaridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish