O‘zbek mahsulotlarini Chexiya bozoriga olib chiqish masalasi ko‘rib chiqildi
May 10, 2026. 16:25 • 2 daq
• 155
PRAGA, 13-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Chexiyadagi elchixonasi vakillari yirik ulgurji savdo markazlaridan biri “Velkotržnice Lipence s.r.o.” kompaniyasi menedjeri Kevin Long bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, milliy mahsulotlarni Chexiya bozoriga olib chiqish hamda chex ulgurji savdo infratuzilmasidan samarali foydalanish masalalari muhokama qildi.
Pragada joylashgan “Velkotržnice Lipence s.r.o.” kompaniyasi 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Chexiyadagi yirik ulgurji savdo markazlaridan biri hisoblanadi. Bu markaz orqali mamlakatdagi supermarketlar ulgurji xaridlarni amalga oshiradi. Markazning umumiy maydoni 11 gektardan ortiq bo‘lib, 32 ming kvadrat metrdan ziyod savdo va omborxonalarni o‘z ichiga oladi. Shundan 15 ming kvadrat metr qismi sovutkichli omborlardan iborat.
Markaz orqali yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, muzlatilgan va konservlangan mahsulotlar, gullar hamda restoran va chakana savdo uchun mo‘ljallangan turli tovarlar sotiladi. Yillik tovar aylanmasi 120 ming tonnadan ortiqni, moliyaviy aylanmasi esa 4,7 mlrd chex kronasidan ziyodni tashkil etadi. Shuningdek, tashkilot Jahon ulgurji bozorlar uyushmasi aʼzosi hisoblanadi.
Uchrashuvda tashkilot rahbariyati O‘zbekiston mahsulotlarini ushbu savdo platformasi orqali Chexiya bozoriga olib chiqish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Xususan, bozor hududida savdo joylari va omborlardan foydalanish imkoni mavjudligi, ijara narxi o‘rtacha 1 kvadrat metr uchun 1000 chex kronasini (taxminan 48 AQSH dollari) tashkil etishi maʼlum qilindi.
Shuningdek, hozirgi bosqichda o‘zbek mahsulotlarini bozorda faoliyat yuritayotgan dilerlar va distribyutorlar orqali sotishni yo‘lga qo‘yish mumkinligi aytildi. Keyinchalik, mahsulotlarga bo‘lgan talab va xaridorgirlikdan kelib chiqib, o‘zbek eksportchilari uchun alohida savdo nuqtalarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Kompaniya rahbariyati O‘zbekiston meva-sabzavot eksportchilari tomonidan taqdim etiladigan tijoriy takliflarni (mahsulot turi, narxi, yetkazib berish hajmi, sertifikatlar va yetkazib berish shartlari) ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Maskatda o‘zbek mahsulotlarini O‘mon bozoriga chiqarish masalasi muhokama qilindi



