Rio-de-Janeyroda ilk O‘zbekiston–Braziliya savdo uyi faoliyatini boshladi

May 19, 2026. 11:25 • 2 daq

172
Rio-de-Janeyroda ilk O‘zbekiston–Braziliya savdo uyi faoliyatini boshladi

RIO-de-JANEYRO, 19-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tashabbusi bilan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida ilk O‘zbekiston–Braziliya savdo uyi tashkil etilib, to‘liq ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tuzilma mahalliy qonunchilik asosida to‘liq yuridik ro‘yxatdan o‘tkazilib, “Brazilian–Uzbekistan Trade House Ltd.” nomi bilan xo‘jalik yurituvchi subyekt maqomidagi savdo kompaniyasi sifatida o‘z faoliyatini boshladi.

Yangi kompaniya uchun shartnomaviy munosabatlarga kirishish, eksport-import amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish hamda Braziliya bozorida o‘zbek mahsulotlarini sotish imkonini beruvchi zarur huquqiy va tizimli asoslar yaratildi.

Iqtisodiy tahlilchilarning qayd etishicha, savdo uyining aynan Rio-de-Janeyro shahrida tashkil etilishi strategik ahamiyatga ega. Ushbu megapolis Braziliyaning muhim moliyaviy, turistik, transport va yirik logistika markazi hisoblanadi. Bu esa o‘zbek eksportchilari uchun nafaqat Braziliya, balki Merkosur (MERCOSUR) blokiga aʼzo Argentina, Chili, Paragvay, Urugvay, Peru, Kolumbiya kabi Lotin Amerikasining boshqa yetakchi davlatlari bozorlariga chiqishda strategik darvoza vazifasini o‘taydi.

Savdo uyi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy muloqot maydoni va ishonchli amaliy ko‘mak mexanizmi sifatida xizmat qiladi. U tijoriy operatsiyalar jarayonida logistika, multimodal tashuvlar, omborxona va port infratuzilmasidan samarali foydalanish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etishda tadbirkorlarga yaqindan ko‘mak beradi.

Yaqin kunlarda savdo uyi taʼsischilarining O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, eksportchilar uyushmalari va tarmoq tashkilotlari bilan amaliy savdo operatsiyalarini boshlash bo‘yicha onlayn muzokaralari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish