Chuzuru Aoki: O‘zbekiston Prezidentining “yashil” taraqqiyot bo‘yicha tashabbuslari mintaqaviy ekologik hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

Noyabr 13, 2026. 12:00 • 2 daq

• 16
Chuzuru Aoki: O‘zbekiston Prezidentining “yashil” taraqqiyot bo‘yicha tashabbuslari mintaqaviy ekologik hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

ANTALIYA, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Global ekologik jamg‘arma (GEJ)ning Konvensiyalar va fondlar bo‘limi menejeri Chuzuru Aoki “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–11-noyabr kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha Jahon yetakchilari sammitidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– Biz O‘zbekiston bilan munosabatlardan g‘oyat mamnunmiz. Bu mamlakat Global ekologik jamg‘arma uchun juda muhim hamkordir. O‘zbekiston har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan hamda jamg‘arma hamkorligidagi barcha ishtirokchi davlatlarni birlashtiradigan GEJ Assambleyasiga mezbonlik qilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston jamg‘arma faoliyatiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda va biz ushbu sheriklikni yuksak qadrlaymiz.

Amalga oshirilayotgan tashabbuslardan biri O‘zbekiston oldida turgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq asosiy masalalarni hal qilish, jumladan, zararli tashlamalarni kamaytirish, suv resurslari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash hamda fermerlar foydalanadigan yerlarning unumdorligi va barqarorligini oshirishga qaratilgan. Buning uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb etish, mahalliy tadbirkorlar, YTTB va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur tashabbus doirasida grant mablag‘larini ajratish va istiqbolli loyihalar uchun qo‘shimcha resurslarni jalb qilishga ko‘maklashish orqali O‘zbekiston hukumati hamda uning hamkorlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z tashabbuslarida issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerdan barqaror foydalanish va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Shu nuqtayi nazardan, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Zero, Markaziy Osiyo davlatlari umumiy ekologik ustuvorliklar va o‘xshash iqtisodiy muammolarga duch kelmoqda.

Mintaqa davlatlarining “yashil” kun tartibi yo‘lida birgalikda sa’y-harakat olib borishi istiqbolli strategik tashabbus hisoblanadi. Biz O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida iqlim jamg‘armalari imkoniyatlarini birlashtirish istiqbollarini muhokama qildik.

Maqsadimiz – mintaqaning iqlim va ekologik ustuvor vazifalarini ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha resurslarni safarbar etishdan iborat.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish