O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolarning o‘zaro qatnovini yengillashtirish hamda chegaralardagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalarini muhokama qilmoqda
Noyabr 13, 2026. 11:30 • 2 daq
• 22
TOSHKЕNT, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Qozog‘istonning yurtimizdagi elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning o‘zaro qatnovini yengillashtirish hamda davlat chegaralarini kesib o‘tishdagi to‘siqlarni bartaraf etish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xususan, o‘zaro safarlar tartibini soddalashtirish, jumladan, davlat chegarasidan ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yuzasidan fikr almashildi. Qozog‘iston tomonidan joriy etilayotgan “QazETA” elektron kirish ruxsatnomasi tizimi doirasida O‘zbekiston fuqarolariga muayyan preferensiyalar (imtiyozlar) berish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini Qozog‘istonda tashkiliy tartibda ishga joylashtirish, tegishli shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish va har ikki mamlakat hududida fuqarolarning bo‘lib turishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi