Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi

Noyabr 13, 2026. 11:00 • 2 daq

• 10
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi
Xitoy konservatoriyasi sahnasida o‘zbek musiqa san’ati namoyish etildi

PЕKIN, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Xitoy konservatoriyasida O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida o‘zbek san’ati ustalarining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Xitoy davlat idoralari vakillari, madaniyat va san’at arboblari, diplomatlar, jurnalistlar hamda vatandoshlar ishtirok etdi.

“Tarannum” konsert dasturi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti o‘qituvchi va talabalari tomonidan tayyorlandi. Artistlar ijrosida an’anaviy maqom san’ati asarlari, jumladan, “Suvora”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Aylagach”, “Tanovar” va “Dilxiroj”, shuningdek, boshqa klassik kuy va qo‘shiqlar yangradi.

O‘zbek artistlarining chiqishlari xitoylik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va olqishlar bilan qarshi olindi. Xitoy akademik va musiqa hamjamiyati vakillari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Pekin universiteti professori Habibulla Tursun Pekin musiqa konservatoriyasi va Yunus Rajabiy nomidagi institut o‘rtasidagi madaniy almashinuvda ishtirok etish katta sharaf ekanini ta’kidladi.

“O‘zbek artistlarining chiqishini katta mamnuniyat bilan tomosha qildim, ular Shashmaqom asarlarini ijro etishdi. Umid qilamanki, mazkur konsert orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy va musiqiy almashinuv yanada chuqurlashadi.

O‘zbek musiqa san’ati ko‘p asrlik tarixga ega va o‘z rang-barangligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda uni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tinglashmoqda. Konsert xitoylik tomoshabinlarning O‘zbekiston milliy madaniyatiga bo‘lgan qiziqishini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Ishonchim komilki, musiqa “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda bundan buyon ham muhim rol o‘ynaydi”, — dedi u.

Xitoy musiqa konservatoriyasi o‘qituvchisi Chjan Syanyuan ham o‘zbek artistlarining chiqishini yuqori baholab, ikki mamlakat do‘stligini mustahkamlashda musiqiy almashinuvning ahamiyatini ta’kidladi.

“Bugungi konsertda ishtirok etganimdan juda xursandman. Musiqa orqali xalqlarimiz o‘rtasidagi chuqur o‘zaro anglashuvni his etdik va ma’naviy rishtalarimizni yanada mustahkamladik.

O‘zbek milliy musiqa san’atini cheksiz hurmat qilaman. Men faqat o‘zbek musiqasini tinglabgina qolmay, uni o‘zim ham ijro etaman. Bugun konsert vaqtida surnayda o‘zbek kuylarini ham chaldim.

Umid qilamanki, bu kabi tadbirlar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik ko‘prigiga aylanadi. Biz ta’lim muassasalarimiz o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishib olganimiz ham quvonarlidir”, — dedi o‘qituvchi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish