Yevropada iyun oxirida anomal issiq tufayli 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi

Iyul 13, 2026. 16:30 • 2 daq

130
Yevropada iyun oxirida anomal issiq tufayli 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi
“AFP” agentligi surati

BRYUSSEL, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevropaning 27 davlatida iyun oyining oxiriga to‘g‘ri kelgan anomal issiq tufayli 10 ming 650 nafar kishi bevaqt vafot etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida faoliyat yurituvchi “EuroMOMO” o‘lim monitoringi dasturi maʼlumotlariga ko‘ra, ortiqcha o‘limlarning aksariyati 65 va undan katta yoshdagi odamlarda kuzatilgan.

Statistika 22-iyundan 28-iyungacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va sababidan qatʼiy nazar, barcha o‘lim holatlarini o‘z ichiga oladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, faqat Belgiyada ortiqcha o‘lim darajasi 2000 yildan beri issiqlik to‘lqinlari paytida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan.

Qayd etilishicha, haddan tashqari yuqori harorat nafaqat issiqlik urishiga, balki yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklarining kuchayishiga ham olib kelishi mumkin. Bu borada, ayniqsa, keksalar orasida bunga moyil kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

“EuroMOMO” ekspertlari iyun oyining so‘nggi haftasida ortiqcha o‘lim asosan Fransiya va Belgiyada qayd etilganini taʼkidlagan.

Shunga o‘xshash xulosalar boshqa tadqiqotlarda ham kuzatilgan. Xususan, Robert Kox institutining hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib, Germaniyada jazirama tufayli 5,1 mingga yaqin odam vafot etgan. Ulardan 4,3 ming nafari 2228-iyungacha bo‘lgan vaqt ichida qayd etilgan. Halok bo‘lganlarning 80 foizdan ortig‘ini 75 yoshdan oshgan keksalar tashkil etgan.

London Imperial kolleji Buyuk Britaniya meteorologiya xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot da maʼlum qilinishicha, faqat Angliya va Uelsda iyun oyi oxiridagi anomal issiqlik 2,7 mingga yaqin o‘limga sabab bo‘lgan.

Xuddi shu tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropaning 12 ta yirik shahrida jazirama issiq 2,3 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Milan, Parij va Barselonada qayd etilgan.

Avvalroq, Yevropa iqlim xizmati “Copernicus” 2026-yil iyun oyi G‘arbiy Yevropada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘lganini maʼlum qilgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish