27-oktabr kuni Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi

Iyul 13, 2026. 17:30 • 2 daq

118
27-oktabr kuni Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi
“Reuters” agentligi surati

TEL-AVIV, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 27-oktabr kuni Isroilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi va bu qonunda belgilangan so‘nggi muddatdir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Jerusalem Post” gazetasiga tayanib.

Knessetning (parlament) amaldagi tarkibi deyarli yarim asr ichida ilk bor to‘rt yillik vakolat muddatini to‘liq yakunlaydi. Parlamentning qayd etishicha, saylov sanasi allaqachon belgilab qo‘yilgani sababli, uni muddatidan oldin tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga hojat yo‘q.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu iyun oyida hukumat rahbari lavozimiga qayta nomzodini qo‘yish niyati borligini maʼlum qilgandi. Bo‘lajak saylovlar Isroil–Falastin mojarosi va Eronga qarshi urush boshlanganidan keyingi birinchi saylov bo‘ladi.

Jamoatchilik fikriga ko‘ra, Bosh vazirning “Likud” partiyasi, ultraortodoksal va o‘ta o‘ng siyosiy kuchlardan iborat koalitsiyasi 120 o‘rinli Knessetda ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kirita olmasligi mumkin. Ayni paytda, muxolifatda ham hukumatni shakllantirish uchun kafolatlangan vakillar hali mavjud emas.

Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Bosh shtabining sobiq boshlig‘i, “Yashar” partiyasiga rahbarlik qilayotgan Gadi Ayzenkot Binyamin Netanyaxuning asosiy raqiblaridan biri sanaladi. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, uning siyosiy kuchi “Likud” partiyasidan biroz oldinda bormoqda.

Gadi Ayzenkot Isroil harbiy kabineti tarkibida bo‘lgan, biroq 2024-yil iyun oyida hukumat G‘azo sektorida qo‘yilgan maqsadlarga erisha olmaganini aytib, uning tarkibidan chiqqan. Isroilning harbiy kampaniyasi boshlanganidan buyon u yerda 70 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Parlamentning joriy sessiyasi yakuniga qadar hukumat bir qator qonun loyihalarini, jumladan, sud tizimi islohoti hamda majburiy harbiy xizmatdan bo‘yin tovlayotgan yahudiylarni hibsga olishni to‘xtatib turish tashabbusini qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Isroil tarixida eng uzoq muddat hokimiyatda qolgan Bosh vazir bo‘lgan Binyamin Netanyaxu korrupsiya ayblovlari bo‘yicha sud jarayonida ishtirok etishda davom etmoqda. Shu sababli, u 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Hukumat rahbarining o‘zi esa unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish