Ukraina hukumat rahbari isteʼfoga chiqdi

Iyul 13, 2026. 15:30 • 2 daq

182
Ukraina hukumat rahbari isteʼfoga chiqdi
“Reuters” agentligi surati

KIYEV, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng hukumat rahbari lavozimini tark etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Ukrainskaya pravda” onlayn-nashriga tayanib.

Bungacha Ukraina Prezidenti mamlakat bosh vazirini almashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini maʼlum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Yuliya Sviridenkoga asosiy xalqaro hamkorlar bilan bog‘liq yangi yo‘nalishni boshqarishni taklif qilgan.

Yuliya Sviridenko bosh vazir lavozimida bir yilga yaqin vaqt davomida ishladi. U 2025-yil iyul oyida bir qator kadrlar almashinuvidan so‘ng hukumatga rahbarlik qildi va Ukraina tarixida bu lavozimda ikkinchi ayol rahbar bo‘ldi. Bungacha u bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri va Prezident devonida faoliyat yuritgan.

“Ukrainaning eng yangi tarixidagi eng murakkab davrda hukumatni boshqarish sharafiga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman”, deb yozdi u o‘zining telegram-kanalida.

Yangi bosh vazirni tayinlash bo‘yicha yakuniy qarorni Ukraina Oliy Radasi (parlamenti) qabul qiladi. Hukumat rahbarining isteʼfosi butun Vazirlar Mahkamasining isteʼfosiga olib keladi, ular yangi tarkib shakllantirilgunga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.

Ukraina ommaviy axborot vositalari bosh vazir lavozimiga ehtimoliy nomzodlar orasida sobiq hukumat rahbari Denis Shmigal, mudofaa vaziri Mixail Fyodorov va “Naftogaz Ukraini” MAK boshqaruvi raisi Sergey Koreskiyni tilga olgan.

Hukumat o‘zgarishi eʼlon qilinganidan so‘ng Prezident Sergey Koreskiy, Denis Shmigal, ichki ishlar vaziri Igor Klimenko va Xarkov meri Igor Terexov bilan uchrashgan.

Deputat Yaroslav Jeleznyak taxminiga ko‘ra, Yuliya Sviridenko uchun ehtimoliy yangi lavozimlardan biri ­– Ukrainaning AQSHdagi elchisi vazifasi bo‘lishi mumkin. Agar u tayinlansa, Ukrainaning Vashingtondagi hozirgi elchisi Olga Stefanishina o‘z lavozimini tark etishiga to‘g‘ri keladi. Avvalroq, elchi shaxsiy sabablarga ko‘ra diplomatik xizmatni yakunlash istagini bildirgan edi.

Taʼkidlash joizki, Vladimir Zelenskiy tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, AQSH bilan “Patriot” tizimlari uchun raketalarni ishlab chiqarish va Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etgan.

Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga “Patriot” komplekslari uchun raketalar ishlab chiqarish uchun litsenziya berishga tayyorligini maʼlum qilgan edi. Mutaxassislarning fikricha, birinchi raketalar Ukrainaga kamida bir-ikki yildan keyin yetib kelishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish