Bolgariyani tarixda ilk bor ayol kishi boshqaradi
Noyabr 03, 2026. 20:25 • 2 daq
• 104
SOFIYA, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bolgariyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida g‘olib chiqqan Iliyana Yotova davlat rahbari lavozimiga saylangan birinchi ayol bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga tayanib.
Bayonnomalarning 100 foizi qayta ishlangandan so‘ng, Iliyana Yotova va uning vitse-prezidentlikka nomzodi Kiril V’lchev 57,6 foiz ovoz oldi. Ularning raqiblari – sobiq bosh vazir vazifasini bajaruvchi Andrey Gyurov va Georgiy Kandev taxminan 39,5 foiz ovoz to‘pladi.
Ikkinchi tur 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Chunki 25-oktyabrdagi birinchi ovoz berish natijalariga ko‘ra, nomzodlarning hech biri mutlaq ko‘pchilik ovozini qo‘lga kirita olmagan edi. O‘shanda Yotova 34,76 foiz, Gyurov esa 31,95 foiz ovoz olgan edi. Ikkinchi turda saylovchilarning 29 foizi ishtirok etdi.
Saylovga qadar Iliyana Yotova vitse-prezident lavozimida ishlagan. U 2026-yil yanvar oyidan “Taraqqiyparvar Bolgariya” partiyasi rahbari sifatida parlament saylovlarida ishtirok etish uchun iste’foga chiqqan Rumen Radevdan keyin prezident vazifasini vaqtincha bajargan.
Yangi prezident 2027-yil yanvar oyida rasman o‘z lavozimiga kirishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi