Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi yangi uch tomonlama muzokaralar sanasi e’lon qilindi

Noyabr 03, 2026. 18:25 • 2 daq

• 178
Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi yangi uch tomonlama muzokaralar sanasi e’lon qilindi
“RIA Novosti” surati

VASHINGTON, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning yangi davrasi 10–11-noyabr kunlari Amerika vositachiligida Abu-Dabida bo‘lib o‘tishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlari doirasida ishchi guruhlar darajasida o‘tkaziladi.

“Muhokamalar urushdan keyingi xavfsizlik masalalari, keskinlikni yumshatish, gumanitar tashabbuslar hamda tinchlikka erishish yo‘lidagi keyingi qadamlarga qaratiladi”, – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bundan tashqari, joriy haftada AQSh vakillari Bryusselda Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari, Yevropaning bo‘lajak xavfsizlik arxitekturasi hamda mamlakatni tiklashni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash masalalari asosiy mavzular bo‘ladi.

Stiv Uitkoff o‘zining Kiyev, Oslo va Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvlari natijalarini inobatga olgan holda, muzokaralar jarayonida keyingi siljishlarga erishilishiga umid bildirdi.

Avvalroq Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putin noyabr oyining birinchi yarmida AQSh va Ukraina ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarni qayta tiklashga tayyorligini bildirgani haqida xabar bergan edi. U bu haqda Rossiya yetakchisining 21-oktabr kuni Sankt-Peterburgda Stiv Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilgan.

Yuriy Ushakovning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari tizimini shakllantirish bo‘lajak muzokaralarning asosiy mavzularidan biriga aylanishi lozim.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish