Yaponiyadagi zilzila qurbonlari soni 36 nafarga yetdi
Avgust 01, 2026. 12:00 • 2 daq
• 134
TOKIO, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida 28-iyul kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlari soni 36 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Kyodo News” agentligi maʼlumotiga ko‘ra, yana olti nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Halok bo‘lganlar orasida Yatsusiro shahridagi “Nippon Paper Industries” korxonasida vafot etgan to‘qqiz nafar hamda Kashima shahridagi “Aeon” savdo markazida zilzila ortidan yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan yetti nafar fuqaro ham bor.
Qayd etilishicha, Kumamoto prefekturasida qidiruv-qutqaruv ishlari deyarli to‘liq yakunlangan bo‘lib, hozirda faqat Kashima shahridagi savdo markazi hududida Xyogo, Osaka va Tokio prefekturalaridan jalb etilgan qariyb 230 nafar politsiya xodimi ishtirokida qidiruv amaliyoti davom ettirilmoqda.
Juma kuni holatiga ko‘ra, 9 mingdan ortiq kishi evakuatsiya markazlarida qolmoqda. Tabiiy ofatdan uch kun o‘tganiga qaramay, qariyb 79 ming xonadon hanuz ichimlik suvisiz qolgan, elektr taʼminotidagi uzilishlarning asosiy qismi esa bartaraf etilgan.
Shu bilan birga, anomal issiq ob-havo tufayli chorshanba va payshanba kunlari 40 nafardan ortiq kishi issiq urishi belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda, jumladan, Uki shahrida mahalliy hokimiyat tabiiy ofatdan jabrlangan fuqarolarga soliq imtiyozlari hamda vaqtinchalik turar joy olish huquqini beruvchi rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirishni boshlagan.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti mamlakatga 56 davlat va hudud hamda yettita xalqaro tashkilotdan hamdardlik bildirilgani va yordam takliflari kelib tushganini maʼlum qilgan. Bosh vazir tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shtab yig‘ilishida masʼul idoralarga jabrlanganlarni zarur vositalar bilan taʼminlashni davom ettirish hamda evakuatsiya qilingan aholi o‘rtasida, ayniqsa avtomobillarda vaqtincha yashab turgan fuqarolar uchun, issiq urishi xavfini kamaytirishga qaratilgan choralarni kuchaytirishni topshirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi