Donald Tramp XAMASni qurolsizlantirish bo‘yicha “tarixiy kelishuv”ni eʼlon qildi
Iyul 31, 2026. 17:30 • 3 daq
• 223
TOSHKENT, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp Qohiradagi muzokaralarda XAMASni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini maʼlum qildi, ammo Isroil bu rejani hali qo‘llab-quvvatlagani yo‘q va uni rad etish niyatida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Oq uy rahbari ijtimoiy tarmoqlarda Misr, Qatar va Turkiya vositachiligida XAMAS bilan guruhni bosqichma-bosqich qurolsizlantirishga kelishib olinganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bajarilishi bilan parallel ravishda Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan olib chiqiladi, xavfsizlikni esa xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlar yangi Falastin politsiyasi bilan birgalikda taʼminlaydi.
“Bugun Tinchlik kengashi XAMAS va G‘azo sektoridagi boshqa barcha qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdi”, — deb yozdi davlat rahbari “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kelishuv G‘azoni Falastinning yangi hukumati boshqarishiga yo‘l ochishi lozim.
XAMASning yuqori martabali vakili “BBC”ga harakat Tinchlik kengashi rejasiga rozi ekanini va rasmiy bayonot tayyorlayotganini aytdi. Shu bilan birga, XAMAS muzokaralar guruhi aʼzosi G‘ozi Hamad “Al Jazeera” telekanaliga “Isroil sektordan chiqib ketmaguncha, guruh qurolsizlanish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmasligini” maʼlum qildi.
“Reuters” agentligining yozishicha, kelishuv loyihasida og‘ir qurol-yarog‘lar Falastin maʼmuriyati nazoratida bo‘lishi va Isroilga topshirilmasligi ko‘zda tutilgan. Yengil qurollarning taqdiri esa hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.
Isroil hukumati shubha bilan yondashmoqda. Yuqori martabali Isroil rasmiysi agentlikka mamlakat ushbu hujjatni rad etishini, chunki unda Isroil talab qilayotganidek, qurol-yarog‘ni G‘azodan to‘liq olib chiqish va sektorni butunlay demilitarizatsiya qilish nazarda tutilmaganini aytdi.
Amerika tomonidagi manba ham Isroil XAMASning o‘z majburiyatlarini bajarishga tayyorligiga “juda shubha bilan qarashi”ni tan oldi. Biroq Vashington kelishuv amalga oshishiga ishonch bildirishini taʼkidladi. “Agarda ular buni qilmasa, unda, shubhasiz, Donald Trampning hafsalasi juda pir bo‘ladi”, — dedi u.
“Axios” nashri maʼlumotlariga ko‘ra, kelishuv AQSHning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, u XAMASning sektorni boshqarishdan voz kechishi, hokimiyatni fuqarolik Falastin maʼmuriyatiga topshirishi, gumanitar yordam hajmini oshirishi, Isroil qo‘shinlarini olib chiqishi, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirishi hamda tunnellar va qurol-yarog‘ infratuzilmasini yo‘q qilishni nazarda tutadi. Ayni paytda qo‘shinlarni olib chiqish jadvali hali kelishilmoqda.
Muzokaralarga qaramay, G‘azodagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. XAMAS Isroilni tinch aholiga zarba berayotganlikda ayblab, qo‘shinlarni zudlik bilan olib chiqishni talab qilayotgan bo‘lsa, Isroil jangarilarga zarba berayotganini bildirmoqda. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu avvalroq Isroil armiyasi nazoratidagi sektor hududini 70 foizgacha kengaytirish niyati haqida aytgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi