Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, sunami xavfi eʼlon qilindi

Iyul 28, 2026. 18:30 • 2 daq

90
Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, sunami xavfi eʼlon qilindi
“Kyodo News” surati

TOKIO, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Yaponiyaning janubiy qismidagi Kyusyu orolida joylashgan Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kyodo News” agentligining xabar berishicha, zilzila ortidan hududda sunami xavfi eʼlon qilinib, aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.

Yaponiya Meteorologiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, zilzilaning epitsentri Kumamoto prefekturasi hududida, taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Zilziladan so‘ng hududda 5 ballgacha bo‘lgan takroriy tebranishlar – aftershoklar kuzatilgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, zilziladan keyin Kumamoto prefekturasida 48 mingdan ortiq xonadon elektr taʼminotisiz qolgan. Kompaniya aholini uzilgan elektr simlariga yaqinlashmaslikka va aniqlangan nosozliklar haqida xabar berishga chaqirdi.

Zilziladan so‘ng Ariake va Yatsushiro dengizlari sohillari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish berildi. Rasmiylar balandligi taxminan 1 metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar kelishi mumkinligini maʼlum qilib, aholini sohil hududlaridan uzoqlashishga chaqirdi.

Favqulodda vaziyat munosabati bilan Kumamoto, Nagasaki, Kagosima, Fukuoka, Saga, Oita va Miyadzaki prefekturalarida zilzila bo‘yicha ogohlantirish choralari kuchaytirildi. Bu hududlarning barchasi Kyusyu orolida joylashgan.

Zilzila oqibatida bir necha kishi jarohat olgani xabar qilindi. Kumamoto prefekturasining Uki shahrida bir nechta yong‘inlar qayd etilgan, favqulodda xizmatlarga qo‘ng‘iroqlar soni keskin oshgan. “NHK” telekanali efirlarida zilzila markaziga yaqin hududlarda ayrim binolarga zarar yetgani ko‘rsatildi.

Tabiiy ofat sababli transport tizimida ham vaqtinchalik o‘zgarishlar yuz berdi. “JR Kyushu” temiryo‘l kompaniyasi xavfsizlik tekshiruvlari o‘tkazish maqsadida poyezdlar harakatini vaqtincha to‘xtatdi.

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi aholini ehtimoliy yangi kuchli silkinishlarga tayyor turishga chaqirdi. Hukumat zilzila oqibatlarini baholash va zarar ko‘rgan hududlarga yordam ko‘rsatish ishlarini boshlagan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish