O‘zbekiston Prezidentining Repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Xalqaro kompetensiyalar markazini tashkil etish tashabbusi BMTning Aksilterror haftaligi doirasida namoyish qilindi
Iyul 03, 2026. 16:30 • 4 daq
• 39NYU-YORK, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. BMT qarorgohida Terrorizmga qarshi kurash haftaligi doirasida mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasida Markaziy Osiyo tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) maʼlumotiga ko‘ra, tadbir BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (UNOCT) hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (UNRCCA) ko‘magida tashkil etildi.
Anjumanda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Zuyev, BMT Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori Mauro Miyediko, “Hedaya” markazi hamda Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasi (GCERF) ijrochi direktorlari Ahmad al-Qosimiy va Xalid Kozer, Markaziy Osiyo davlatlarining diplomatik vakolatxonalari rahbarlari maʼruza bilan ishtirok etdi.
Tadbir BMTga aʼzo davlatlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Forum ishida Osiyo, Afrika, Yevropa, Shimoliy va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq davlat hamda 10 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari qatnashdi.
Sayd-ivent ishtirokchilari, jumladan, BMTning yuqori martabali vakillari hamda mintaqa davlatlari vakillari Markaziy Osiyoning mojaroli hududlardan 2 mingdan ortiq fuqaroni qaytarish borasidagi tajribasi gumanitar operatsiyalar sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalardan biri ekanini alohida taʼkidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining samarali faoliyati alohida eʼtirof etildi.
Xususan, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Zuyev mazkur Kengash faoliyati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat bu boradagi saʼy-harakatlarini yana-da kuchaytirayotgani, balki qaytarilgan fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha boshqa davlatlar uchun ham amaliy ahamiyatga ega yondashuvlarni ishlab chiqishga hissa qo‘shayotganini alohida taʼkidladi. Uning fikricha, bunday hamkorlik ko‘p tomonlama sheriklikning barqarorligi va unga bo‘lgan qatʼiy sodiqlikning yorqin ifodasidir.
Boshqa ishtirokchilar ham mazkur Kengash nafaqat mintaqaviy hamkorlikning samarali namunasi, balki ekstremizmning oldini olishda kompleks yondashuv muhimligini yaqqol namoyon etishini qayd etdi.
Tadbirda SMTI direktori Eldor Aripov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining Repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Xalqaro kompetensiyalar markazini tashkil etish tashabbusini taqdim etdi.
Mazkur markaz Markaziy Osiyoning muvaffaqiyatli tajribasiga tayangan holda reabilitatsiya sohasida moslashuvchan strategiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha global bilim va tajriba almashish maydoniga aylanishi mumkin. Markaz faoliyati soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, repatriantlar uchun taʼlim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratish, ekstremizmning oldini olish va uning tarqalishini barvaqt bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.
Eldor Aripovning qayd etishicha, ushbu markaz amaliy natijalarga yo‘naltirilgan faoliyat hamda aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida shakllantirilishi rejalashtirilmoqda. Asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida repatriantlarni kasbga tayyorlash, BMTga aʼzo davlatlar uchun uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish hamda xalqaro hamjamiyat uchun har yili tahliliy maʼruzalarni eʼlon qilib borish belgilangan.
“Mazkur markaz orqali dunyoning ilg‘or tajribalari universal metodologiyalarga aylantirilib, bu yo‘nalishdagi ishlarni endigina yo‘lga qo‘yayotgan BMTga aʼzo davlatlarga yetkaziladi”, dedi E.Aripov.
SMTI direktorining maʼlum qilishicha, Xalqaro kompetensiyalar markaziga aʼzolik barcha davlatlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ekspertlar va tadqiqotchilar uchun ochiq bo‘ladi. Markaz kotibiyati BMTning sud taʼqibi, reabilitatsiya va reintegratsiya bo‘yicha global dasturi (PRR) bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Markazni tashkil etish Markaziy Osiyoning global xavfsizlik tizimini mustahkamlashga qo‘shayotgan muhim hissasi bo‘lib, u mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va jamiyatga tinch yo‘l bilan reintegratsiya qilish sohasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar saʼy-harakatlarni yana-da birlashtirish hamda mojaroli hududlardan fuqarolarni qaytarish va ularni jamiyatga qayta integratsiya qilish kabi murakkab yo‘nalishda bugungi kunda ilg‘or yondashuvlarni amalda shakllantirayotgan Markaziy Osiyo davlatlari tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

